Yangiliklar

Eng yaxshi uchta hamyonbop smartfon

smartfonlar
Rassm ChatGPT yordamida yaratilgan

Bugun smartfon bozori shiddat bilan rivojlanmoqda, deyarli har kuni yangi model taqdim etiladi. Biroq bunday xilma-xillik hamisha foydalanuvchilarning ehtiyojiga to‘liq javob bermaydi. Kimdir telefonni asosan qo‘ng‘iroq qilish yoki messenjerlarda muloqot uchun tanlasa, boshqalar imkon qadar ko‘proq funksiyaga ega, ammo hamyonbop variantni izlaydi. «Palach» nashri bozordagi eng qulay narxdagi uchta smartfonni taqdim etdi.

Realme Note 60x

smartfonlar
Eng yaxshi uchta hamyonbop smartfonlar / Foto: Lowyat

Ushbu model bozordagi eng arzon va ishonchli variantlardan biri. Bu modelning imkoniyatlari oddiy: katta ekranda ijtimoiy tarmoqlarni varaqlash yoki video ko‘rish mumkin, protsessori esa kundalik vazifalarni bajara oladi. Kameralari yuqori sifatli emas, biroq oddiy suratlar uchun yetarli.

Eng katta afzalligi uning narxida. Mahalliy bozorda atigi 1,1-1,4 mln so‘m oralig‘ida sotilayotgan bu qurilma IP54 himoyasi, alohida microSD uyachasi va quloqchin ulagichi bilan ham xaridorni xursand qiladi. Oddiy va tejamkor telefon izlayotganlarga mos tanlov.

Infinix Hot 50i

Foto: Ochiq manbalar

Ushbu model esa biroz qimmatroq, lekin imkoniyatlari ancha kengroq. Kattaroq va ravshanroq ekrani foydalanuvchiga qulay ko‘rish tajribasini beradi, protsessori esa tezroq ishlashni ta’minlaydi va yengil o‘yinlarni ham ko‘taradi. Kameralari yaxshi yorug‘likda sifatli natija beradi, akkumulyatori uzoq vaqt xizmat qiladi.

Modelda NFC moduli, stereo dinamiklar va suvdan himoya kabi qo‘shimcha qulayliklari bor. Shu sababli bu model o‘z puliga yarasha eng yaxshi muvozanatli tanlov hisoblanadi. O‘zbekistonda ushbu modelning narxi 1-1,2 mln so‘m oralig‘ida.

Xiaomi Poco C75

Foto: Mediapark

Ushbu smartfon keng ekranli, qudratli va yanada zamonaviy ko‘rinishga ega. Unda ishlash tezligi yuqori, oddiy o‘yinlar ham bemalol ishlaydi. Kameralari yaxshi yoritishda ancha sifatli surat va videolar beradi, akkumulyatori esa bir yarim kunga yetadigan quvvatni ta’minlaydi. Bundan tashqari, NFC moduli, microSD uyachasi va quloqchin porti kabi qo‘shimcha afzalliklari ham mavjud.

Bu model Xiaomi brendini qadrlaydigan va telefonni ko‘proq media iste’moli uchun ishlatadiganlarga mos keladi. Ushbu modelning narxi mahalliy bozorda 1,7-1,9 mln so‘m oralig‘ida.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi taqdim etilgan iPhone Air sinovdan o‘tkazilgani haqida yozgan edi.