Farg‘onadagi zilzila, energetika bo‘yicha hamkorlik, sobiq elchining bayonoti, yangi tuzilayotgan agentlik — 22-sentabrning eng muhim voqealari

Farg‘onadagi zilzila, energetika bo‘yicha hamkorlik, sobiq elchining bayonoti, yangi tuzilayotgan agentlik — Kursiv Uzbekistan tomonidan 22-sentabrning eng muhim voqea va hodisalari bitta materialga jamlandi.
Farg‘onada zilzila sodir bo‘ldi
22-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 07:04:58 da O‘zbekistonda zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda Seysmoprognostik monitoring markazi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, zilzila episentri Toshkentdan 265 km janubiy-sharqda bo‘lib, sezilish kuchi 2 ballni tashkil etdi.
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026-yil boshida o‘tkaziladi

O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026-yil 15-yanvar holatiga ko‘ra o‘tkaziladi. Tadbir 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralgacha davom etadi. Bu haqda prezident farmoni qabul qilindi.
Ro‘yxatga olishni tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi tuziladi. Jarayonga «mahalla yettiligi» tizimi xodimlari jalb etiladi. Ular 2025-yil 15-dekabrdan 2026-yil 1-martgacha ishlaydi va planshetlardan foydalanib ro‘yxatga olishni amalga oshiradi.
O‘zbekiston va Tojikiston energetika bo‘yicha hamkorlik qiladi
18-sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Tojikiston energetika va suv resurslari vaziri Daler Juma uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Muzokaralarda ikki tomonlama energetika hamkorligi, elektr energiyasi almashinuvi va mavjud quvurlarni modernizatsiya qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, 2025 – 2026-yillar kuz-qish mavsumida energetika tizimlari faoliyatini muvofiqlashtirish, qo‘shimcha quvvatlarni ishga tushirish va mintaqada barqaror ta’minotni ta’minlash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazi tashkil etiladi

Prezidentning «Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qarorga muvofiq, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablarining bajarilishini monitoring qilishga nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) jalb etiladi hamda ular tomonidan muqobil baholash tizimi joriy qilinadi.
Axborot maydonida Markaziy Osiyodagi ta’sirimizni boy berdik — AQShning O‘zbekistondagi sobiq elchisi
2019 – 2022-yillarda AQShning O‘zbekistondagi elchisi bo‘lib faoliyat yuritgan Daniel Rosenblum Markaziy Osiyoda Amerika axborot maydonidagi ta’sirini boy bergani va buning natijasida Rossiya hamda Xitoy uchun bo‘shliq yuzaga kelganini ma’lum qildi.
Rosenblum Rossiyaning desinformatsiya kampaniyalarini misol keltirdi. Bu kampaniyalar AQSh diplomatlarini barqarorlikni buzuvchi sifatida ko‘rsatishga qaratilgan. 2023-yilda Qozog‘istonda Rossiya OAVlari «Rosenblum NATO bazasini ochdi» deb xabar tarqatgan, aslida esa u AQSh moliyalashtirgan konferensiya markazini ochgan.
Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi

«Yengil sanoat sohasida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida»gi farmon qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Farmonga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzurida Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi. Agentlik to‘qimachilik, charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik sanoati sohalarida ustuvor yo‘nalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi. Shuningdek, uning qoshida Yengil sanoatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.
COVID haqida yozgan xitoylik jurnalist yana to‘rt yilga qamaldi
Xitoyda COVID-19 pandemiyasi haqida mustaqil xabar bergan jurnalist Chjan Chjan yana to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
42 yoshli Chjan janjal chiqarish ayblovi bilan 19-sentabrda to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bundan oldin, u 2020-yilda ham xuddi shu ayblov bilan to‘rt yilga qamalgandi. U o‘sha paytda Uxan shahridagi haqiqiy vaziyat – kasalxonalar to‘lib ketgani va bo‘shab qolgan ko‘chalar haqida maqolalar va videolar e’lon qilgan.
106 ta avtomobildan Gorilla ichimligining noqonuniy reklamasi olib tashlandi

«Aion beverages» MChJga qarashli avtotransport vositalarida Gorilla energetik ichimligi reklamasi qonun talablariga zid ravishda keng targ‘ib qilinganligi aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahri Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan yo‘llangan murojaatda tegishli avtotransport vositasida reklama joylashtirilishi haqida e’tiroz bildirilgan.
Portugaliya Falastinni rasman tan oldi

Portugaliya tashqi ishlar vaziri Paulo Ranjel Nyu-Yorkdagi BMT vakolatxonasida Portugaliya Falastinni rasman tan olishini ma’lum qildi. Bu haqda SIC Noticias telekanali xabar berdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Falastinni tan olish to‘g‘risidagi qaror Vazirlar kengashi tomonidan prezident va parlamentdagi asosiy partiyalar bilan maslahatlashuvlardan so‘ng qabul qilingan.
Istanbulda o‘zbekistonlik ayol pichoqlab ketildi
21-sentabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida 36 yoshli o‘zbekistonlik ayol o‘z uyida noma’lum shaxs tomonidan pichoqlab o‘ldirilgani aniqlandi. Holat bo‘yicha O‘zbekistondagi Istanbul Boshkonsulxonasi izoh berdi.
Unga ko‘ra, halok bo‘lgan shaxs, avval Turkiyada yashash qoidalarini buzganligi sababli deportatsiya qilingan va mamlakatga kirishi taqiqlangan. Biroq ism-familiyasini o‘zgartirgan holda Turkiyaga qaytgani aniqlangan.
23-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

23-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 12 257,13 so‘m (-92,74 so‘m) etib belgilandi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.
Oltin narxi 3,7 ming dollardan oshib, yangi rekordni qayd etdi
22-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:34 holatiga ko‘ra, jahon bozorida oltinning spot narxi tarixiy eng yuqori ko‘rsatkichni yangilab, bir troya unsiyasi uchun $3724,68 ga yetdi.
«RBK» nashriga ko‘ra, AQSh Federal Rezerv tizimi tomonidan pul-kredit siyosatini yumshatish fonida qimmatbaho metallga talab yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Investorlar esa AQShning asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlari, jumladan, inflyatsiya darajasi e’lon qilinishini kutmoqda.
Avvalroq o‘tgan haftada sodir bo‘lgan eng muhim hodisalar dayjestini yozgan edik.