
Toshkent, Farg‘ona, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida inson organlari va to‘qimalari savdosi bilan shug‘ullangan 12 nafar shaxs aniqlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tergovchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, guruh a’zolari ijtimoiy tarmoqlar orqali buyrak va jigar kasalliklaridan aziyat chekayotgan bemorlar hamda sog‘lom kishilarni topib, chet eldagi klinikalar bilan hamkorlikda yolg‘on hujjatlar tayyorlab, jarayonni qonunga zid tarzda amalga oshirishgan. 2023 – 2025-yillarda 32 nafar bemorga buyrak yoki jigar to‘qimalari ko‘chirib o‘tkazilgani aniqlandi.

Olib borilgan surishtiruvlarda ma’lum bo‘lishicha, bemorlardan tushgan pul mablag‘lari asosiy qismi xususiy klinika va donorlarga to‘langan, qolgani guruh a’zolari orasida taqsimlangan. Bundan tashqari, operatsiyadan so‘ng sog‘liq holati yaxshilanmagan bemorlarga og‘riqni bosish maqsadida kuchli ta’sir qiluvchi dori-darmonlar noqonuniy va qimmat narxlarda sotilgan.

Guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari — organ va to‘qimalarni olish va transplantatsiya qilish tartibini buzish, hujjatlarni qalbakilashtirish, kontrabanda hamda giyohvandlik vositalarini noqonuniy muomala qilish kabi ayblovlar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda ish sudga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXX Toshkentda bojxona va soliq inspektorlari pora ustida qo‘lga tushirgan edi.