
Afg‘oniston poytaxti Kobul shahrida ilk bor o‘zbek milliy taomlari restorani ish boshladi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Ushbu tamaddixona vatandoshimiz Dilfuza Boqiyeva va uning turmush o‘rtog‘i tomonidan O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.

Kobulda ikki mingdan ortiq restoran va kafe faoliyat yuritadi, biroq o‘zbek milliy taomlari taklif qiluvchi muassasa shu paytgacha mavjud emas edi. Restoranning qurilish va bezatish jarayonida barcha ashyolar O‘zbekistondan keltirildi. Interyer adras matosi bilan bezatilgan bo‘lib, mehmonlarda katta taassurot qoldirmoqda.
Ochilish marosimida poytaxtdagi o‘zbek jamoatchiligi vakillari ham qatnashdi. Afg‘on tomoni mazkur tashabbusni yuqori baholab, O‘zbekistonning milliy qadriyatlarni xorijda targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlarini e’tirof etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dubayda sun’iy intellektli restoran ochilishi haqida yozgan edik.