Avto

Lotus yangilangan Emeya va Eletre avtomobillarini taqdim etdi

Lotus
Foto: Lotus

Lotus tomonidan 21-sentabr kuni yangilangan Emeya va Eletre avtomobillari rasman taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda. Narxlar Emeya uchun $74,8 mingdan, Eletre uchun esa $77,6 mingdan boshlanadi.

Yangilangan Eletre tashqi dizaynda katta o‘zgarishlarga ega emas, biroq endi qora rangli logotiplar bilan yanada sportona ko‘rinish olgan. O‘lchamlari avvalgi kabi qolgan. Uning uzunligi 5103 mm, g‘ildirak bazasi esa 3019 mmni tashkil etadi.

Lotus Eletre / Foto: Lotus

Barcha komplektatsiyalar 22 dyuymli yangi dizayndagi g‘ildiraklar bilan ta’minlangan. 600 va 600 SE versiyalarida 6 pistonli tormoz tizimi ishlatilgan bo‘lsa, eng yuqori darajadagi 900 modeli karbon-keramik 10 pistonli tormoz tizimiga ega. Salonida ham tanish uslub saqlangan, lekin yuqori sifatli KEF audiosistemi, qulay elektr o‘rindiqlar va SE hamda 900 versiyalarida massaj funksiyalari mavjud. Quvvat tizimi esa ikki elektromotorga asoslangan.

Lotus Eletre / Foto: Lotus

600 va 600 SE versiyalari 603 ot kuchi ishlab chiqarib, 650 km masofani bosib o‘tadi. 900 modeli esa 905 ot kuchiga ega bo‘lib, 0 dan 100 km/soat tezlikka atigi 2,95 soniyada chiqadi, biroq batareya zaxirasi 560 km bilan chegaralangan.

Emeya ham tashqi ko‘rinishda oldingi avlodini eslatadi. Uning uzunligi 5139 mm, g‘ildirak bazasi esa 3069 mm. Barcha versiyalar 21 dyuymli g‘ildiraklarga ega. Salonida 15,1 dyuymli OLED ekran va 55 dyuymli AR-HUD displeyi o‘rnatilgan. U yo‘l ma’lumotlari, navigatsiya va boshqaruv funksiyalarini ko‘rsatib turadi.

Lotus Emeya / Foto: Lotus

600 va 600 SE versiyalari 603 ot kuchiga ega. Model 0 dan 100 km/soat tezlikka 4,15 soniyada chiqadi. U 585 km masofani bosib o‘tadi. 900 modeli esa 905 ot kuchiga ega. 2,78 soniyada yuzga chiqadi, biroq batareya imkoniyati 530 km bilan cheklangan.

Foto: Lotus

Lotus — ingliz avtomobil ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, 1952-yilda Kolin Chapman tomonidan asos solingan. Kompaniya o‘z tarixida yengil va tezkor sport avtomobillari yaratish bilan mashhur bo‘ldi. Lotus brendi Formulа-1 musobaqalarida ham yirik yutuqlarga erishgan va texnologik innovatsiyalari bilan avtomobilsozlik tarixida iz qoldirgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 17 ming dollarlik Chery iCar Super V23 elektromobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.