Yangiliklar

Mushukka qaynoq suv quygan xitoylik fuqaro jazoga tortildi

Jazoni jarimaga o‘zgartirish bo‘yicha apellyatsiya shikoyati berildi
Mushukka qaynoq suv quygan xitoylik fuqaro jazoga tortildi / Foto: Videodan olindi

18-sentabr kuni Yakkasaroy tumani jinoyat sudi mushukka nisbatan shafqatsizlik qilgan chet el fuqarosiga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda «Mehr va Oqibat» hayvonlarni himoya qilish jamiyati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, hukmdan keyin xitoylik shaxsning advokatlari tomonidan jazoni jarimaga almashtirish uchun apellyatsiya shikoyati berildi. Biroq 20-sentabr kuni Toshkent shahar jinoyat sudi shikoyatni rad etdi va qamoq haqidagi qarorni o‘z kuchida qoldirdi.

Jamiyat yuristi Dilshodbek Asadullayev sud jarayonida ishtirok etdi. Jamiyat ushbu qarorni qo‘llab-quvvatlab, mazkur fuqaroning O‘zbekistondan deportatsiya qilinishiga ham erishishga harakat qilmoqda.

Ma’lumot uchun, 16-sentabrdan 17-sentabrga o‘tar kechasi Xitoy fuqarosi idishda ushlab turilgan mushukka bir necha bor qaynoq suv quyib, tashqariga chiqishiga yo‘l qo‘ymagan. Voqea qo‘shnisining ko‘zi oldida sodir bo‘lgan va u erkakning mushukka zarar yetkazayotganini videoga olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda hayvonlarni ro‘yxatga olish bo‘yicha yangi tartib joriy etilgani haqida xabar bergan edik.