Yangiliklar

Oʻzbekistonda oltin eksporti qariyb 69%ga o‘sib, 8,4 mlrd dollarni tashkil etdi

Importi esa $150,1 mlnni tashkil etdi
oltin
Foto: AntonMatyukha/Depositphotos

2025-yilning yanvar–avgust oylarida Oʻzbekistondan oltin eksporti hajmi $8,4 milliardga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Unga koʻra, avgust oyida oltin eksporti $836 mlnni, importi esa $150,1 mlnni tashkil etdi. 2024-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich deyarli 68,9 foizga o‘sib, $4,99 mlrdni tashkil etgan edi.

Avvalroq Markaziy bank avgust oyi boshida O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari $50 mlrddan oshganini ma’lum qilgandi.

Unga ko‘ra, bir oy ichida mamlakatning rasmiy zaxira aktivlari 2,75 foizga oshdi. Ushbu hajmning $8,4 milliarddan ortig‘i naqd valyuta va depozitlarga, $40 mlrddan ortig‘i esa qimmatbaho metallarga to‘g‘ri keldi.

Shuningdek, «Kursiv» nashri O‘zbekistonda yil boshidan buyon 17 mingdan ziyod oltin quymalari sotilgani haqida yozgandi.

2025-yilning 8 oyida 17 387 ta jami hajmi 380 kilogramlik oltin quymalari sotildi. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 14 382 ta (236 kg)ni tashkil etgan bo‘lib, 2023-yilga nisbatan 2,5 baravarga o‘sish kuzatilgan.

Shu bilan birga, 22-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:34 holatiga ko‘ra, jahon bozorida oltinning spot narxi tarixiy eng yuqori ko‘rsatkichni yangilab, bir troya unsiyasi uchun $3724,68 ga yetdi.