Oltin narxi 3,7 ming dollardan oshib, yangi rekordni qayd etdi

22-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:34 holatiga ko‘ra, jahon bozorida oltinning spot narxi tarixiy eng yuqori ko‘rsatkichni yangilab, bir troya unsiyasi uchun $3724,68 ga yetdi.
«RBK» nashriga ko‘ra, AQSh Federal Rezerv tizimi tomonidan pul-kredit siyosatini yumshatish fonida qimmatbaho metallga talab yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Investorlar esa AQShning asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlari, jumladan, inflyatsiya darajasi e’lon qilinishini kutmoqda.
Joriy yilning aprel oyida Goldman Sachs banki oltin narxi yil oxirigacha bir unsiya uchun $3,7 mingga yetishini prognoz qilgandi. Bank mutaxassislari bu prognozni markaziy banklar tomonidan aktivga bo‘lgan qiziqishning ortishi bilan izohlagan.
Bundan oldin oltinda eng yuqori narx 3-sentabr kuni qayd etilgandi. Unda jahon bozorida oltinning spot narxi bir troya unsiyasi uchun $3535,33 ga yetgan.
Avvalroq 2025-yilning sakkiz oyida O‘zbekistonda 17 387 ta jami hajmi 380 kilogramlik oltin quymalari sotilgani haqida xabar qilingandi. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 14 382 tani (236 kg) tashkil etgan bo‘lib, 2023-yilga nisbatan 2,5 baravarga o‘sish kuzatilgan. Shuningdek, o‘lchovli oltin quymalar savdosi 2020-yil bilan taqqoslaganda o‘sish qariyb olti baravardan ko‘proqni tashkil qildi.