Yangiliklar

Portugaliya Falastinni rasman tan oldi

Bu haqda Portugaliya tashqi ishlar vaziri Paulo Ranjel ma’lum qildi
Portugaliya Falastinni rasman tan oldi. Foto: Mohammad Alhaj / Zuma / Global Look Press

Portugaliya tashqi ishlar vaziri Paulo Ranjel Nyu-Yorkdagi BMT vakolatxonasida Portugaliya Falastinni rasman tan olishini ma’lum qildi. Bu haqda SIC Noticias telekanali xabar berdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Falastinni tan olish to‘g‘risidagi qaror Vazirlar kengashi tomonidan prezident va parlamentdagi asosiy partiyalar bilan maslahatlashuvlardan so‘ng qabul qilingan.

Ranjel, shuningdek, «barcha garovdagilarni zudlik bilan ozod qilish va halok bo‘lganlarni Isroilga qaytarish» talabi kuchida qolishini ta’kidladi. Bundan tashqari, G‘azo sektoridagi gumanitar falokatni to‘xtatish uchun darhol o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi va G‘arbiy Sohildagi yahudiylar yashash punktlarini kengaytirishni keskin qoraladi.

Avvalroq 22-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasi doirasida o‘tkaziladigan konferensiyada o‘nta mamlakat Falastinni rasmiy ravishda tan olishi haqida xabar berilgandi. Bu haqda Yelisey saroyida davlat rahbarining BMT Bosh assambleyasiga tashrifi oldidan bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilindi.