Yangiliklar

Putin Trampga yadroviy qurollar shartnomasini bir yilga uzaytirishni taklif qildi

Shartnoma muddati 2026-yil 5-fevralda tugaydi
Putin Trampga yadroviy qurollar shartnomasini bir yilga uzaytirishni taklif qildi / Foto: PBS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh rahbari Donald Trampga yadroviy qurollarni nazorat qilish bo‘yicha amal qilayotgan New start shartnomasini yana bir yilga uzaytirishni taklif qildi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Putin bu tashabbusini jahon xavfsizligi va yadroviy qurollarning tarqalishini oldini olish yo‘lidagi qadam sifatida izohladi.

New start shartnomasi 2010-yilda kuchga kirgan bo‘lib, u strategik yadroviy qurollar sonini cheklashni nazarda tutadi. Shartnomaga binoan, Rossiya va AQSh har biri 1550 tadan ko‘p jangovar kallak joylashtirmasligi lozim. Shartnoma muddati 2026-yil 5-fevralda tugaydi. Agar u yangilanmasa, ikki davlat cheklovlardan butunlay chiqib ketishi mumkin.

Putin Rossiya 2026-yil fevralidan keyin ham bir yil davomida cheklovlarga rioya qilishga tayyorligini aytdi. Bu faqat AQSh ham xuddi shunday qaror qabul qilsagina amalga oshiriladi.

AQSh tomoni Putinning taklifiga hozircha javob bermadi. Tramp avvalroq yangi yadroviy shartnoma tuzish istagini bildirgan, lekin unga Xitoyni ham qo‘shishni taklif qilgan edi. Pekin esa bu fikrni rad etgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Putin Rossiyadagi mehnat muhojirlari uchun patent tizimini bekor qilish haqida o‘ylash kerakligini aytgan edi.