
Rossiya avtomobil yo‘llarining A-113 (Markaziy halqa avtomobil yo‘li), M-12 (Sharq), A-289 (Krasnodar – Slavyansk-na-Kubani – Temryuk) va A-290 (Novorossiysk – Kerch) yo‘llarida «Erkin oqim» (Free Flow) tizimi ishga tushirildi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar berdi.
Ushbu tizimda to‘lov to‘siqlarsiz amalga oshiriladi va quyidagi usullar qo‘llanadi:
- transponder orqali;
- avtomobilning davlat raqami bo‘yicha.
Agar transponder bo‘lmasa, ishlamasa yoki hisobda mablag‘ yetarli bo‘lmasa, tizim avtomobil raqamini avtomatik qayd etadi. Bu holda pullik yo‘ldan foydalanganlik uchun qarzdorlikni besh kun ichida to‘lash kerak bo‘ladi.
2025-yil 1-sentabrdan boshlab xorijiy transport vositalari Rossiya hududidan chiqishidan oldin pullik yo‘llar uchun to‘lov amalga oshirilgani tekshirilmoqda.
O‘zbekiston Transport vazirligi milliy tashuvchilar va transport vositalari egalari jarimaga tortilmaslik uchun Rossiya hududida pullik yo‘llardan foydalanganlik uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni so‘ramoqda.
Avvalroq Toshkentdan Samarqand va Andijonga olib boruvchi pullik avtomobil yo‘llari 2026-yildan amaliy bosqichga o‘tishi haqida xabar berilgandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan 2026 – 2028-yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyada keltirib o‘tilgan.