
Samsung o‘zining yangi One UI 8.0 interfeysining final versiyasini Galaxy S24 liniyasi uchun taqdim etdi. Bu haqda Sammobile xabar bermoqda.
Yangi tizim Android 16 asosida ishlab chiqilgan va hozircha Janubiy Koreya foydalanuvchilari uchun mavjud. Biroq yaqin kunlarda boshqa davlatlarga ham tarqatilishi kutilmoqda.
Yangilanish raqami S92xNKSU4CYI7 bo‘lib, Galaxy S24, Galaxy S24 Plus va Galaxy S24 Ultra smartfonlariga o‘rnatilishi mumkin. Samsung odatda flagman modellarga yangilanishni bir necha kun ichida butun dunyo bo‘yicha yo‘lga qo‘yadi.
One UI 8.0 bir qator yangiliklarni olib keldi. Avvalo, foydalanuvchi interfeysi qayta ishlanib, yanada qulaylashtirildi. Kamera imkoniyatlari kengaytirildi, sog‘liqni kuzatish va aloqa funksiyalariga qo‘shimchalar qo‘shildi. Ko‘p vazifali rejim ham yanada takomillashtirildi. Shuningdek, kompaniya an’anaga ko‘ra xavfsizlikni yuqori darajaga ko‘tardi.
Avvalroq Samsung Galaxy S26 Pro, Edge va Ultra yangi rasmlari namoyish etilgani haqida yozgan edi.