
Suzuki Motor Corporation 22 yildan so‘ng ilk bor o‘z logotipini yangiladi. Kompaniyaning yangi emblemasi «By Your Side» («Sizning yoningizda») shiorini ifodalaydi.
Logotipdagi eng asosiy o‘zgarishlar mashhur «S» harfi bilan bog‘liq. U o‘zining tanish shaklini saqlagan bo‘lsa-da, zamonaviy raqamli talablarga mos ravishda tekislashtirildi. Shuningdek, ilgari qo‘llanilgan xrom bezak o‘rnini yanada yorqinroq kumush tus egalladi.

Yangilangan belgi birinchi marta Japan Mobility Show 2025 ko‘rgazmasida kompaniyaning kontseptual avtomobillarida namoyish qilinadi. Suzuki vakillariga ko‘ra, bu ramz nafaqat estetik yangilanish, balki kompaniyaning kelajakdagi yo‘nalishlarini ham belgilab beradi.
“Biz mijozlarimiz bilan yonma-yon yurishda, ularning hayotiga bevosita bog‘liq mahsulot va xizmatlarni yaratishda davom etamiz hamda barqaror kelajak qurilishiga o‘z hissamizni qo‘shamiz», dedi prezident Tosixiro Suzuki yangi logotip haqida.