
Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura va boshqa idoralar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda bojxona hamda soliq organlari xodimlarining noqonuniy harakatlari fosh etildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Toshkent viloyati «Navoiy» chegara bojxona posti inspektori 7 kg oltinni bojxona nazoratidan yashirish evaziga 5 ming dollar olayotganda qo‘lga olindi. Unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, qamoqqa olindi.
Shayxontohur tumanida esa soliq inspeksiyasi bosh inspektori tadbirkorning faoliyatini to‘xtatib berish evaziga $2,5 ming talab qilgan. Pulni olayotganida dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, Mirobod tumanida soliq inspektori savdo do‘konidan soliq tekshiruvlarini amalga oshirmaslik uchun 10 mln so‘mni o‘z plastik kartasiga o‘tkazayotgan paytida qo‘lga olindi.
Mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, ular qonun oldida javob berishlari belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroda hokim yordamchisi pora bilan ushlangan edi.