
«UMRC SPV» MChJ ipoteka obligatsiyalarini chiqarish yo‘nalishida «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu haqda Istiqlolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) xabar berdi.
Mazkur jamiyat «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJ tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy faoliyati — mamlakatda ipoteka obligatsiyalarini chiqarishdan iborat.
Ushbu qaror prezident farmonida belgilangan uy-joy va ipoteka bozorini rivojlantirish hamda aholiga ipoteka kreditlari orqali uy-joy ta’minotini kengaytirish vazifalarini amalga oshirishga qaratilgan.
«UMRC SPV» MChJ tijorat banklaridan ipoteka kreditlari to‘plamlarini qabul qilib, ular ta’minoti ostida ipoteka obligatsiyalarini chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki REPO operatsiyalarida davlat qimmatli qog‘ozlari bilan bir qatorda korporativ obligatsiyalarni ham qabul qila boshlagani haqida xabar berilgandi. Yangi tartib tijorat banklari uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Markaziy bank Monetar operatsiyalar departamenti direktori o‘rinbosari Humoyun Usmonaliyevning ma’lum qilishicha, REPO operatsiyalarida qabul qilinadigan qimmatli qog‘ozlar ro‘yxati – «lombard ro‘yxati» kengaytirildi. Endilikda ro‘yxatga Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasining obligatsiyalari ham kiritildi.