
Apple’ning yangi qurilmalari taqdim etilishi, avvalgi modellarni ko‘rib chiqish uchun eng qulay payt. Sababi oddiy: yangi seriya chiqqach, ko‘plab devayslar narxi pasayadi, lekin ular hali ham dolzarb va kuchli imkoniyatlarga ega. Kursiv Uzbekistan Palach nashriga tayanib, aynan shunday modellar haqida ma’lumotlarni to‘pladi.

iPhone 16e
Avvaliga foydalanuvchilarda katta kutishlar bo‘lmagan, ammo Apple eng arzon yangi smartfon bilan ko‘pchilikni hayratda qoldirdi. Qurilmada yorqin OLED displey, yillar davomida yetadigan kuchli A18 chipi, 48 MP kamera, suvdan himoyalangan korpus, stereodinamiklar va bir kunlik ishni bemalol ta’minlaydigan akkumulyator mavjud. Shuningdek, 8 GB tezkor xotira, Apple Intelligence qo‘llovi va Action tugmasi ham bor. Qo‘shimcha kameralar yoki yuqori chastotali ekran kerak bo‘lmasa, 16e — ajoyib tanlov.

AirPods Pro 2
AirPods Pro 3 juda zo‘r, ammo hozircha narxi baland. Agar kutishni istamasangiz, avvalgi Pro 2 modelidan olishingiz mumkin. Ular hamon 2025-yilda dolzarb: faol shovqin bostirish, «Shaffoflik» rejimi, sifatli ovoz, «Prostranstvennoe audio», IPX4 himoya va 24 soatlik batareya ishlash muddati bilan o‘z sinfida eng yaxshi variantlardan biri.

iPhone 16 Plus
Bu modelni olishni ortga surmaslik kerak. Chunki Apple bu yil Plus liniyasini to‘xtatib, uni Air bilan almashtirdi. Demak, iPhone 17 Plus bo‘lmaydi. Katta ekranli, ammo Pro Max darajasidagi narxga chiqmaydigan smartfon kerak bo‘lsa, 16 Plus eng to‘g‘ri tanlov. Unda 6,7 dyuymli OLED displey, kuchli A18 chipi, suvdan himoyalangan korpus, stereodinamiklar va yaxshi darajadagi ikki kamerali tizim mavjud.

Apple Watch SE Gen 2
Hali ham Apple soatlariga kirish uchun eng arzon va dolzarb yo‘l. Always-on funksiyasi va qon kislorodi sensori yo‘q, lekin boshqa barcha funksiyalar joyida. Yorqin OLED displey, Digital Crown, 5ATM suv himoyasi, Siri qo‘llovi, 32 GB xotira, GPS va ko‘plab mashg‘ulot rejimlari bilan bu soat sportchilar va kundalik foydalanuvchilar uchun ham juda mos.

iPad (2025)
Apple endi asosiy iPad’larni kuzda emas, balki bahorda taqdim etadi. Shuning uchun sentabrda yangi planshet bo‘lmagan. Eng so‘nggi bazaviy iPad (2025) esa A16 chipiga, 11 dyuymli Liquid Retina displeyga, turli ranglardagi alyuminiy korpusga, USB-C portiga va Touch ID skaneriga ega. 12 MP old kamera, Pencil 1 va USB-C Pencil qo‘llovi bilan u hamon eng yaxshi universal planshetlardan biri.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan sentabrda e’tibordan chetda qolgan 5 smartfonlar haqida xabar bergan edi.