Yangilangan Chevrolet Cobalt haqida nimalar ma’lum

22-sentabr 2025 17:13 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Cobalt
Yangilangan Chevrolet Cobalt haqida nimalar ma’lum / Foto: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan

UzAuto Motors tomonidan yaqin kunlarda yangilangan Chevrolet Cobalt avtomobili taqdim etishi kutilmoqda. Kursiv Uzbekistan ushbu modelga oid eng so‘nggi ma’lumotlarni to‘pladi.

Ichki qismi

Yangi avlod Cobalt interyeri yanada zamonaviy va funksional ko‘rinishga ega bo‘ladi. Avtomobilning old paneli Tracker 1 uslubida ishlangan bo‘lib, unda dvigatel harorati ko‘rsatkichi va yorqin yoritilgan spidometr joylashgan. Spidometr maksimal 200 km/soat tezlikni ko‘rsatadi. Haydovchi uchun qulaylik yaratish maqsadida ko‘p funksiyali rul o‘rnatilgan. Unda audio tizimni boshqarish va kruiz-kontrol tugmalari joylashgan.

Foto: Chevrolet

Markaziy konsol ham yangicha dizaynda. Unda katta sensorli MyLink multimedia tizimi o‘rnatilgan bo‘lib, u Apple CarPlay va Android Auto funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Ekran orqali audio tizim, telefon va avtomobil sozlamalarini boshqarish mumkin. Sensorli panelning ostida konditsioner tugmalari joylashgan, uzatmalar qutisi selektori esa zamonaviy ko‘rinishga ega va qo‘lda M rejimida boshqarish imkonini beradi.

Foto: Chevrolet

Faralar, tuman chiroqlari va panel yorug‘ligini boshqarish tugmalari alohida blokda joylashgan. Bu elementlar haydovchi uchun barcha zarur funksiyalarni qulay boshqarishni ta’minlaydi. Old o‘rindiqlar mato va qo‘shimcha materiallar kombinatsiyasida tayyorlangan bo‘lib, yon tomondan qulay qo‘llab-quvvatlashga ega. Ular isitish funksiyasi bilan jihozlangan, bu esa sovuq mavsumda qo‘shimcha qulaylik beradi.

Foto: Chevrolet

Cobalt saloni umumiy ko‘rinishda keng va ergonomik bo‘lib, minimalistik dizayni bilan ajralib turadi. Haydovchi ham, yo‘lovchilar ham o‘zini qulay his qilishi uchun barcha detallarga e’tibor qaratilgan. Asboblar paneli, markaziy ekran va boshqaruv tugmalari uyg‘unlikda joylashib, interyerga zamonaviylik bag‘ishlaydi.

Dvigatel

Avtostrada nashrining yozishicha, 2025-yilgi versiya B15D2 benzinli dvigatel bilan jihozlanib, unda ikkala raspridvalda ham DVCP (faza taqsimotini o‘zgartirish tizimi) ishlaydi. Shuningdek, yangi boshqaruv bloki ham o‘rnatilgan.

Foto: Kolesa.kz

Muhim yangilanishlardan yana biri — avtomat uzatmalar qutisida o‘tkazilgan kalibrovka. Avvalgi modellarda ko‘p tilga olingan 2-vitesdan 3-vitesga o‘tishda sezilarli «bo‘shliq» kuzatilardi. Endi bu muammo bartaraf etilgan va mashina uzluksizroq harakat qiladi.

Yangi DVCP tizimi dvigatel ishini ancha silliq qiladi. Past aylanishlarda avtomobil tezroq kuch oladi, shahar ichida start paytida ortiqcha silkilish sezilmaydi. O‘rta va yuqori tezliklarda esa tezlanish barqarorroq bo‘lib, mashina tezroq javob qaytaradi. Shu bilan birga, tinch haydash rejimida yonilg‘i sarfi ham qisqarishi mumkin.

Yangilangan Chevrolet Cobalt avtomobili qanday xususiyatlarga ega / Foto: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, ushbu tizim to‘g‘ri moy tanlashni talab qiladi. Ishlab chiqaruvchi 0W20 Dexos1 moyidan foydalanishni tavsiya qiladi. O‘zbekiston kabi issiq iqlim sharoitida sifatli va original 5W30 Dexos1 moyini ham ishlatish mumkin. Past sifatli moy ishlatilsa, tizimdagi aktuatorlarning ishlashida nosozliklar, shovqinlar va tezroq eskirish xavfi paydo bo‘lishi mumkin.

Narxi

Foto: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan

Yangilangan modelning narxi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Shartnomalar yaqin haftalarda ochilishi rejalashtirilmoqda, dastlabki avtomobillar esa 2025-yil oxirigacha xaridorlarga topshirilishi kutilmoqda. Mazkur yangilanish model narxiga ham ta’sir qilishi mumkin. Hozirda Chevrolet Cobalt’ning bozordagi qiymati 146,5 million so‘mdan 155 million so‘mgacha belgilangan bo‘lsa, yangilangan versiyaning narxi taxminan 165 million so‘m atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangilangan Chevrolet Cobalt haqida o‘zbekistonliklarning fikrlarini yozgan edi.

Shuningdek