
«Yengil sanoat sohasida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida»gi farmon qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Farmonga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzurida Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi. Agentlik to‘qimachilik, charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik sanoati sohalarida ustuvor yo‘nalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi. Shuningdek, uning qoshida Yengil sanoatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.
Agentlik tomonidan yengil sanoat sohasidagi korxonalarga 2025-yil 1-oktabrdan quyidagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari qo‘llaniladi:
- xalqaro brendlarni jalb qilish, standartlashtirish va sertifikatlashning xalqaro tizimlarini, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etish;
- eksport shartnomalari bo‘yicha sug‘urtalashni moliyalashtirish xarajatlarini qoplash hamda mutaxassislarni o‘qitish uchun grantlar ajratish;
- xorijiy davlatlarda savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, reklama kampaniyalarini tashkil etish bilan bog‘liq chet eldagi xarajatlarining bir qismini qoplash.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazi tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.