
BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi davom etayotgan bir paytda AQSh maxfiy xizmati Nyu-York shahrida yirik kuzatuv va mobil aloqaga to‘sqinlik qiluvchi tarmoqni fosh qildi. Bu haqda The New York Times nashri xabar berdi.
Tergov davomida agentlar 100 mingdan ortiq SIM-karta va 300 serverni musodara qildi. Qurilmalar yordamida daqiqasiga 30 million SMS yuborish, mobil aloqa minoralarini ishdan chiqarish va kuzatuv o‘rnatish imkoniyati mavjud bo‘lgani qayd etildi.
Shuningdek, ushbu telekommunikatsion tahdid Nyu-Yorkning uchta hududida bartaraf etilgan. Uskunalar joylashgan xonalar shiftgacha server va antennalar bilan to‘ldirilgan.
Mutaxassislarning taxminicha, tarmoq xorijiy razvedka xizmatiga yoki jinoyat guruhlariga tegishli bo‘lishi mumkin. Maxfiy xizmat qurilmalarning BMT sessiyasi ishini izdan chiqarish va hukumat xizmatlari aloqasini buzishga qaratilganini tekshirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan BMTning yangi rahbari ayol kishi bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.