
Super og‘ir vazn toifasidagi o‘zbekistonlik bokschi, Olimpiada va Jahon chempioni Bahodir Jalolov o‘zining navbatdagi janggini 6-oktabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida tashkil etiladigan IBA Pro 10 turniri doirasida o‘tkazadi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati rasman e’lon qildi.
Manbaga ko‘ra, Jalolovga o‘sha kuni rossiyalik Vitaliy Kuduxov raqiblik qiladi. 36 yoshli sportchi shu kunga qadar professional boksda 10 marta ringga ko‘tarilib, 7 tasida g‘alaba qozongan va 3 bor mag‘lubiyatga uchragan.

Bahodir Jalolov esa professional faoliyati davomida 15 ta jang o‘tkazib, barchasida zafar quchgan. Janglarining 14 tasi muddatidan avval yakunlangan.
O‘zbekistonlik bokschi oxirgi marta 2025-yilning aprel oyida Ostona shahrida tashkil etilgan turnirda ringga chiqib, ukrainalik Igor Shevadzutskiyni ochkolar evaziga mag‘lub etgan. Kuduxov esa joriy yilning avgust oyida rossiyalik Vartan Arutyunyan bilan to‘qnash kelib, imkoniyatni boy bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Liverpul shahrida tashkil etilgan boks bo‘yicha Jahon chempionatida O‘zbekiston delegatsiyasi 11 ta medal bilan umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallagani haqida xabar berilgandi.