Yangiliklar

BMTning yangi rahbari ayol bo‘lishi mumkin

O‘ninchi rahbarlikka nomzodlar ko‘rib chiqilmoqda
BMTning yangi rahbari ayol bo‘lishi mumkin / Foto: BMT

BMTga hozirgacha faqat erkaklar rahbarlik qilgan. Endi esa ayol bosh kotib saylanishi zarurligi haqidagi talablar kuchayib bormoqda, deb xabar berdi Bloomberg.

Bu oy qabul qilingan rezolyutsiyada BMT a’zolari bosh kotib lavozimiga nomzod ko‘rsatishda ayollarni ko‘rib chiqishga chaqirildi. Ehtimoliy nomzodlar orasida Barbados bosh vaziri Mia Mottley, Yangi Zelandiya sobiq bosh vaziri Jacinda Ardern, BMTning sobiq inson huquqlari bo‘yicha komissari Michelle Bachelet va BMT bosh kotibining o‘rinbosari Amina Mohammed bor.

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati BMT faoliyatini muntazam tanqid qilib kelmoqda. Garchi AQSh an’anaviy tarzda tashkilotning eng katta moliyaviy homiysi bo‘lsa-da, bu mavqeni endilikda Xitoy egallashi mumkin. Shu bois Vashington rahbar tanlash jarayonida o‘z manfaatlariga mos nomzodni qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.

Nomzodlar qatorida BMT Atom energiyasi agentligi rahbari Rafael Mariano Grossi ham tilga olinmoqda. Uning Eron masalasidagi yondashuvi va barqaror rivojlanish maqsadlariga bo‘lgan qarashlari AQSh manfaatlariga mos kelishi mumkin.

Keyingi BMT rahbarining zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi. Tashkilot global mojarolarni yumshatish, moliyaviy inqirozdan chiqish va asosiy qadriyatlarni himoya qilish vazifasiga duch kelmoqda. Shu bois bu haftadagi Bosh assambleya sessiyasi BMT kelajagi uchun muhim voqea sifatida baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tgan anjumanda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Parijning Falastin davlatini tan olishini e’lon qilgan edi.