
Brand Finance kompaniyasi e’lon qilgan Football 50 (2025) reytingiga ko‘ra, Madridning «Real» klubi dunyoning eng qimmat futbol brendi sifatida qayd etildi.
2025-yil holatiga ko‘ra, «Qirollik klubi»ning brend qiymati 14 foizga oshib, 1,92 milliard yevroga yetdi. Klub, shuningdek, 94,9 ballik ko‘rsatkich bilan «AAA+» toifasidagi eng kuchli futbol brendi sifatida ham tan olindi. «Real»ning umumiy tashkiliy qiymati taxminan 6 milliard yevroni tashkil etadi.
Ikkinchi o‘rinda Kataloniyaning «Barselona» klubi qayd etilgan. «Ko‘kanorranglilar»ning brend qiymati 11 foizga ko‘tarilib, 1,71 milliard yevroga yetgan. Shuningdek, «Barselona» ham yuqori «AAA+» reytinggiga ega bo‘lib, umumiy qiymati taxminan 4,4 milliard yevroga teng deb baholangan.
«Manchester Siti» esa 2025-yilgi reytingda uchinchi o‘rindan joy oldi. Klubning brend qiymati 11 foizga tushib, 1,43 milliard yevroni tashkil etmoqda. Kuchli beshlikni «Liverpul» va «PSJ» klublari yakunlab berdi. Mersisaydliklarning brend qiymati 2 foizga oshib 1,4 milliard yevroga yetgan bo‘lsa, parijliklarniki 13 foizga ko‘tarilib, 1,36 milliard yevroga baholanmoqda.
Brand Finance sport bo‘limi rahbari Ugo Xenslining ta’kidlashicha, 2025-yilda dunyoning eng yaxshi 50 futbol klubi brendlarining umumiy qiymati 21,9 milliard yevroga yetgan. Mutaxassisning fikricha, zamonaviy futbolda maydondagi g‘alabalar qadar kuchli va qimmatli brendga ega bo‘lish ham muhim omilga aylanib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «PSJ» France Football tomonidan tashkil etilgan «Oltin to‘p» topshirish marosimida o‘tgan yilning eng yaxshi futbol klubi sifatida e’tirof etilgandi.