Avto

Great Wall yangi Tank 400 avtomobilini taqdim etdi

Great Wall yangi Tank 400 avtomobilini taqdim etdi / Foto: Tank

Xitoyning Great Wall kompaniyasi tomonidan yangilangan Tank 400 avtomobili rasman namoyish qildi. Bu haqda ITHome xabar bermoqda.

Model tashqi ko‘rinishda katta o‘zgarishlarga ega emas, biroq old bamper biroz qayta ishlangan va kuzov ranglariga yangi tus qo‘shilgan. O‘lchamlari 4964x1970x1905 millimetr bo‘lib, g‘ildirak bazasi 2850 millimetrni tashkil etadi. Yangi versiya avvalgisiga qaraganda qisqaroq, biroq kengroq va balandroq. Mashina 18 dyuymli g‘ildiraklar bilan jihozlangan va 2,5 tonnagacha tirkama torta oladi.

Avtomobil ilk bor bazaviy komplektatsiyadan boshlab lidar va yon hamda orqa kameralar bilan ta’minlandi. Shuningdek, Great Wall’ning yangi avlod Coffee Pilot Ultra uchinchi avlod haydovchiga yordamchi tizimi ham o‘rnatilgan. Salonida 12,3 dyuymli raqamli asboblar paneli, 16,2 dyuymli mediaekran, yangi uch qirrali rul va rul ustuniga joylashtirilgan uzatma boshqaruvchisi mavjud.

Foto: Tank

Telefonlar uchun simsiz quvvatlash funksiyasi ham qo‘shilgan. Qulaylik sifatida massaj funksiyali o‘rindiqlar, proyeksion ekran, orqa yo‘lovchilar uchun 15,6 dyuymli displey va hatto kichik muzlatkich ham taklif etiladi. Orqa o‘rindiqlar to‘liq yig‘ilib, yukxona bilan tekis sath hosil qiladi.

Tank 400 ikkita gibrid kuch uzatish tizimi bilan sotuvga chiqariladi. Yuqori darajadagi Hi4-Z versiyasi 2,0 litrli turbomotor (251 ot kuchi) va ikkita elektromotordan foydalanadi.

Umumiy quvvati 618 ot kuchini tashkil etadi. 59 kVt/soatlik batareya 200 kilometrgacha faqat elektrda yurish imkonini beradi, batareya to‘liq bo‘shaganda sarfi 100 kilometrga 8,3 litrni tashkil etadi. Arzonroq varianti esa 2,0 litrli benzin dvigateli va 163 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlanadi. Uning 37,1 kVt/soatlik batareyasi 105 kilometr elektr yurishini ta’minlaydi, o‘rtacha yonilg‘i sarfi esa 8,4 litrga teng.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 865 ot kuchiga ega yangi Tank 500 avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.