Noyob lochinlarni noqonuniy saqlagan fuqaro 620 million so‘m jarimaga tortildi

Toshkent viloyatining Chinoz tumanida o‘tkazilgan tezkor reyd davomida fuqaroning uyidan O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan ikki dona noyob lochin – «Sapsan» va «Jig‘oltoy» noqonuniy ravishda qafasda saqlanayotgani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlik huzuridagi Ekologik nazorat inspeksiyasi, Sirdaryo suv havzasini nazorat qilish bo‘limi hamda IIB xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda qushlar olib qo‘yilib, Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi. Ushbu huquqbuzarlik oqibatida hayvonot dunyosiga 620 884 000 so‘m zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborilgan bo‘lib, fuqaro qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada tipratikan va ilondan sho‘rva tayyorlagan shaxs ishi sudga oshirilgan edi.