Nvidia OpenAI’ga $100 milliard investitsiya kiritadi

Nvidia OpenAI’ga $100 mlrd.gacha investitsiya kiritib, sun’iy intellekt markazlari uchun chiplar yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur hamkorlik OpenAI’ga ilg‘or chiplar xarid qilish imkonini yaratib, kompaniyaning bozordagi yetakchiligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
OpenAI rahbari Sem Altman hisoblash quvvatini «kelajak iqtisodiyotining asosi» deb atab, Nvidia bilan hamkorlik yangi SI yutuqlarini yaratishda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.
Tomonlar kamida 10 gigavatt quvvatga ega Nvidia tizimlarini joriy etishga kelishib oldi. Birinchi jihozlar 2026-yilda «Vera Rubin» platformasi asosida yetkazilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, yirik investitsiya hajmi AQShning monopoliyaga qarshi idoralari tomonidan nazoratga olinishi mumkinligi aytilmoqda, chunki bu kelishuv Nvidia va OpenAI’ning SI sohasidagi ustunligini yanada mustahkamlab yuborishi ehtimoldan xoli emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nvidia Intel’ga $5 milliardlik investitsiya kiritishi haqida xabar bergan edik.