O‘zbekiston Qozog‘istondan benzin sotib olishni boshladi

eʼlon qilindi
Aviakerosinga talab oshgani ham qayd etildi
Foto: Pexels.com

O‘zbekistonga Qozog‘istondan benzin importi 10 baravarga oshdi. Bu haqda Inbusiness.kz nashri Argus agentligi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Unga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Rossiyadan olib kelingan neft va kondensat hajmini o‘tgan yilga nisbatan deyarli ikki baravar kamaytirdi.

Bunga Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga uyushtirilgan hujumlar oqibatida yonilg‘i taqchilligi yuzaga kelgani hamda «Gazpromneft»ning Farg‘ona NQZga (Neftni qayta ishlash zavodi) «Transneft» va «KazTransOil» tizimlari orqali yo‘lga qo‘ygan yetkazib berishlari to‘xtagani sabab bo‘ldi. Ushbu bo‘shliqni qisman Astarxon va Salavat zavodlaridan kondensat tashish bilan qoplashga harakat qilindi.

Rossiya importining kamayishi fonida Turkmaniston va Qozog‘istondan xomashyo oqimi keskin oshdi. Jumladan, turkman xomashyosi eksporti qariyb besh baravarga ko‘paydi. Bundan tashqari, yil boshidan buyon Kiyanli (Petronas) va Qozog‘istonning Beles, Makat va Beyneu stansiyalaridan ham kondensat yetkazib berilmoqda.

Aviakerosinga talab oshgani ham qayd etildi. Asosiy hajm Rossiyadan Toshkentga olib kelingan bo‘lsa-da, Belarus va Turkmanistondan keladigan hajmlar qisqardi. Yoz o‘rtalarida Toshkent aeroportida katta zaxira shakllantirildi va endi yonilg‘ini mamlakatning boshqa aeroportlariga ham taqsimlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Dizel yonilg‘isi importi ham o‘sdi, biroq benzin bo‘yicha chetdan xaridlar kamaydi. Bunga mahalliy neftni qayta ishlash zavodlari ishlab chiqarish hajmini oshirgani sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, Qozog‘iston benzini importi O‘zbekistonga qariyb 10 baravarga ko‘paydi. Bu qo‘shni davlatning yirik NQZlariga eksport kvotalari berilgani bilan bog‘liq.

Avvalroq «Kursiv» nashri Markaziy bank raisi O‘zbekistonda AI-80 markali benzin ishlab chiqarish va sotish to‘xtatilishi inflyatsiyaga bevosita ta’sir ko‘rsatishi haqida fikr bildirganini yozgandi.

Shuningdek