Yangiliklar

O‘zbekistonda eng toza shahar Nukus bo‘lyapti — iqlimshunos

Ushbu holat shamol omili bilan bog‘liq
Qoraqalpog‘iston
Foto: Zafarbek Erkaboyev / Kursiv Uzbekistan

Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning ta’kidlashicha, oxirgi paytlarda eng toza shahar Nukus bo‘lyapti. Unga ko‘ra, ushbu holat shamol omili bilan bog‘liq. So‘nggi paytlarda Nukusda shamollar ortgan va bu havoning tozalanishiga olib kelmoqda.

«Shamol omiliga borib taqalyapti baribir. Kimlardir Nukusda bir hafta yashab eksperiment qilsa ham bo‘ladi. Masalan, siz 3-4 kun Nukusda yashab, 3-4 kun Urganchda, yana Navoiy, Buxoroda, Farg‘ona yoki Toshkentda yashasangiz farqini bilasiz. U yerda oxirgi paytda shamol kuchayib ketdi. O‘zi yiliga u tomonda 2,5 metr sekund esadi, hozir 3,5 m/s. Ya’ni bir metr sekund ortgan. Toshkentda kamaygan, ularda ortyapti. Shamolning ko‘proq va tezroq esishi bu shaharda yig‘ilgan xohlagan turdagi ifloslantiruvchi moddalarni olib chiqib ketish xususiyatini beradi», deydi Abdulahatov.

Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, aksincha Toshkentda shamollar kamayib ketgan. Aslida 15 m/s dan yuqori shamol kuchli, 30 m/s dan yuqori esa juda kuchli shamol hisoblanadi. Oxirgi o‘nlab yillarda bunday shamollar Toshkentda deyarli esmay qo‘ygan. Shu bois chang havo tarkibida to‘planib qolmoqda. Hozirda shamollar changlar bilan birga kirib kelayotgani uchun u ko‘p esayotgandek tuyuladi.

Shuningdek, u kuni kecha poytaxtda tuni bilan juda sokin shamol kuzatilganini, ammo bu kuch poytaxtda yig‘ilgan chang havoni boshqa hududlarga uchirib ketish uchun yetarli bo‘lmaganini ta’kidladi.

Avvalroq Toshkent havosining ifloslanish darajasi dunyo bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqqandi. 22-sentabr kuni Toshkent havosida mayda PM-2.5 zarrachalari miqdori keskin oshib ketdi. Bu esa poytaxt havosi dunyoning 130 ga yaqin yirik shaharlaridan eng yomon koʻrsatkichni qayd etishiga olib keldi.

Holat bo‘yicha Ekologiya vazirligi munosabat bildirib, O‘zbekistonda ushbu shamolli va changli ob-havo hafta davomida saqlanib qolishini ma’lum qildi.