O‘zbekistonda shamolli va changli ob-havo hafta davomida saqlanadi — Ekologiya vazirligi

O‘zbekistonda shamolli va changli ob-havo hafta davomida saqlanib qoladi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, joriy yil 21-sentabr kuni Turkmanistondan kirib kelgan nam va beqaror havo massasi O‘zbekistonning bir qator hududlarida havo sifatini keskin yomonlashtirdi. Shu kuni Urganch, Qarshi va Samarqandda mayda zarrachalar (PM2.5 va PM10) ko‘paygani qayd etildi. 22-sentabr kuni esa Buxoro, Samarqand, Guliston, Jizzax va Toshkentda chang zarralari konsentratsiyasi oshdi.
G‘arbdan 15 – 20 m/s tezlikda esgan shamol, ayrim joylarda esa chang-to‘zonlar havoning yanada ifloslanishiga sabab bo‘ldi. Toshkentda shamol tezligi 12 – 15 m/s ga yetib, soat 15:00 dan keyin chang bo‘ronlari kuzatildi. Prognozlarga ko‘ra, shamolli ob-havo hafta davomida davom etib, atmosferaga ko‘tarilayotgan changni yanada ko‘paytiradi. Bunda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Navoiy cho‘l hududlari, Buxoro, Samarqand va Jizzax viloyatlari eng ko‘p ta’sirchan hududlar bo‘lib qoladi.
Mutaxassislar aholiga ko‘chada imkon qadar kam bo‘lish, niqob yoki respirator taqish, derazalarni yopib, changning sog‘liq uchun salbiy ta’sirini kamaytirishni tavsiya qilmoqda.
Vazirlikka ko‘ra, O‘zbekistonning cho‘l iqlimi, shamol eroziyasi, iqlim o‘zgarishi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, daraxt kesilishi, qurilish va transport chiqindilari kabi inson faoliyati chang-to‘zonlarning kuchayishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday holat nafaqat aholi salomatligi, balki qishloq xo‘jaligi hosildorligiga ham zarar yetkazadi.
Mutaxassislar eroziyaga uchragan hududlarda o‘simlik qoplamini tiklash, barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini joriy etish, shahar infratuzilmasini ekologik xavfsiz rivojlantirish va sanoat chiqindilarini kamaytirish orqali muammoni kamaytirish mumkinligini ta’kidlamoqda.
Avvalroq Toshkent havosining ifloslanish darajasi dunyo bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqqandi. 22-sentabr kuni Toshkent havosida mayda PM-2.5 zarrachalari miqdori keskin oshib ketdi. Bu esa poytaxt havosi dunyoning 130 ga yaqin yirik shaharlaridan eng yomon koʻrsatkichni qayd etishiga olib keldi.