O‘zbekistondagi metan «zapravkalar»da UGaz tizimi ishga tushirildi

O‘zbekistonda avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari faoliyatini zamonaviylashtirish, xavfsizlikni oshirish va hisob-kitoblarni shaffof qilish maqsadida yangi UGaz axborot tizimi ishga tushirildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Loyihani «Yagona integrator Uzinfocom» MChJ amalga oshirdi. Yangi tizim yordamida AGTKSH (avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari) faoliyati real vaqt rejimida nazorat qilinadi. Bu:
- qo‘lda hisob yuritishni kamaytiradi;
- noqonuniy holatlarning oldini oladi;
- iste’molchilar xavfsizligini oshiradi;
- jarayon shaffofligini ta’minlaydi.
Avtomobil gaz quyish shoxobchasiga kirganda, uning texnik ko‘rikdan o‘tganligi avtomatik tekshiriladi. Agar ko‘rik muddati o‘tgan yoki ballon ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa, tizim operatorni darhol ogohlantiradi.
Shuningdek, UGaz orqali shoxobchalar qabul qilayotgan gaz hajmi aniq hisob-kitob qilinadi, bu esa resurslardan noqonuniy foydalanishga chek qo‘yadi.
Yana bir muhim jihat – har bir gaz kolonkasi va xodim faoliyati onlayn kuzatuv ostida bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buxoroda sifatsiz yoqilg‘i sotgan «zapravka»larga iqtisodiy sanksiya qo‘llanilgani haqida yozgandi.