O‘zbekistonga Xitoydan 100 dona elektrobus yo‘lga chiqdi

Xitoydan 100 dona elektrobusdan iborat partiya Xorgos orqali Qozog‘iston hududidan O‘zbekistonga yo‘lga chiqarildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasidagi «Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili» davlat dasturi asosida Toshkent shahar jamoat transportini modernizatsiya qilish ishlari davom etmoqda.

Bu yil poytaxt uchun 200 dona elektrobus va ularning quvvatlash uskunalari xarid qilinishi belgilangan. Ushbu loyiha iqlim o‘zgarishiga moslashish, uglerod neytralligiga erishish va «yashil loyihalar»ni joriy etishga qaratilgan.

O‘tkazilgan tanlovda Xitoyning Yutong bus Co., Ltd. kompaniyasi g‘olib deb topilgan va shartnoma asosida elektrobuslarni yetkazib berish boshlangan. Loyiha Xitoy Eximbanki hamda «O‘zsanoatqurilishbank» moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Dastlabki 100 dona elektrobusdan iborat partiya Xorgos orqali Qozog‘iston hududidan O‘zbekistonga yo‘lga chiqarildi. Barcha elektrobuslarni yetkazib berish jarayoni 2025-yil sentabr oyi oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent – Iftixor yo‘nalishida yangi avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi.