
Janubiy Koreyada 18,1 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarolari ta’lim olmoqda. O‘zbekistonliklar ushbu mamlakatda ta’lim olayotgan xorijiy talabalarning soni bo‘yicha uchinchi o‘rinda, deb yozmoqda Yonhap.
Koreyada eng ko‘p ta’lim olayotganlar vyetnamlik talabalar 107,8 ming nafar, ikkinchi o‘rinda xitoyliklar — 86,1 ming nafar, ulardan keyin o‘zbekistonliklar. Yetakchi beshlikka, shuningdek, mo‘g‘ullar (17,8 ming) va nepalliklar (15,5 ming) ham kiradi.
Ma’lumot uchun, Janubiy Koreya 2025-yil avgust holatiga ko‘ra 225,7 ming nafar xorijiy talabani qabul qilgan.
Shu bilan birga, ta’lim vizasi (D-2) asosida kelib, mamlakatda noqonuniy yashab qolayotganlar soni ham ortmoqda. Joriy yilning yanvar – avgust oylarida 1,3 ming kishi noqonuniy yashab qolgan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 1,1 ming nafarni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda chet eldagi TOP – 100 talikka kirgan oliygohlarning filiallari ochilishi haqida yozgan edik.