Gadjetlar

Pixel 10 Pro XL Samsung Galaxy S25 Ultra’ni ortda qoldirdi

Pixel 10 Pro XL Samsung Galaxy S25 Ultra’ni ortda qoldirdi / Foto: Gizmochina

Google Pixel 10 Pro XL smartfoni DxOMark reytingida displey sifati bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. U nafaqat Galaxy S25 Ultra, balki Honor Magic8 Pro kabi raqobatchilarni ham ortda qoldirdi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.

Smartfon 2025-yil avgustida taqdim etilgan bo‘lib, narxi $1,1 ming etib belgilangan. Qurilma 6,8 dyuymli LTPO OLED ekran bilan jihozlangan. Texnik ko‘rsatkichlar oldingi Pixel 9 Pro XL’dan sezilarli farq qilmaydi. U 2992×1334 pikselli ruxsat, 120 Hz yangilanish tezligi va Gorilla Glass Victus 2 himoyasiga ega. DxOMark laboratoriyasi bir qator takomillashtirishlarni alohida ta’kidlagan.

Google Pixel 10 Pro XL smartfoni qaysi modellarni ortda qoldirdi / Foto: Gizmochina

Yangi displeyda 480 Hz PWM rejimi miltillashni kamaytiradi, 4 nitgacha past yorqinlik qorong‘ida foydalanishni qulaylashtiradi, HDR rejimi esa tashqarida 2200 nitgacha yorqinlik beradi. Shuningdek, Google’ning rang sozlamalari yorqin va aniq deb baholandi, atrofdagi yorug‘likka moslashuvchanligi yuqori ekani ta’kidlandi. Sensor tezkorligi, o‘yinlardagi ishlash samarasi hamda TÜV Eye Comfort sertifikati natijaga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.

Oddiy Pixel 10 modeli ham yuqori natija qayd etib, atigi bir ball farq bilan Pro XL’dan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi. Ikkala qurilma ham matn o‘qilish qulayligi, rang aniqligi va harakatlarni silliq ko‘rsatishi bilan ajralib turadi.

DxOMark displeyda ekstremal burchaklarda rangning biroz o‘zgarishi va ayrim hollarda PWM miltillashi ko‘rinishi mumkinligini qayd etdi. Biroq umumiy foydalanishda Pixel 10 Pro XL Galaxy S25 Ultra’dan ustun deb topilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Google Pixel 10 smartfon xotirasi qisman faqat SI uchun ajratilishi haqida yozgan edi.