
Fransiyaning Parij shahrida «Oltin to‘p-2025» topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

«PSJ» klubi hujumchisi Usmon Dembele 2025-yilgi «Oltin toʻp» sohibiga aylandi. Dembele oʻtgan mavsum parijliklar bilan birgalikda toʻrtta sovrin qoʻlga kiritdi, jumladan, UEFA Chempionlar ligasida gʻolib chiqdi. Shuningdek, Klublar oʻrtasidagi Jahon chempionatida finalga qadar yetib bordi.
Dembele ushbu nom uchun kurashda Lamin Yamaldan oʻzib ketdi.

«Barselona» vingeri Lamin Yamal esa eng yaxshi yosh futbolchiga beriladigan «Kopa Trofi» sovrinini qoʻlga kiritdi. Desire Due, Joau Nevesh, Estevao va Kenan Yildiz kuchli beshlikdan joy oldi.

«PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike yilning eng yaxshi murabbiyi deb topildi. Biroq mutaxassisning oʻzi marosimga kela olmadi. Chunki bu vaqtda «PSJ» «Marsel»ga qarshi bahs olib bordi. Yakunda esa minimal hisobda magʻlub boʻldi (1:0).
Ma’lumot oʻrnida, Enrike ushbu sovrin uchun kurashda Hans-Diter Flik («Barselona»), Enso Mareska («Chelsi») va Arne Slotni («Liverpul») ortda qoldirdi.

Italiya milliy terma jamoasi va «Manchester Siti» posboni Janluiji Donnarumma yilning eng yaxshi darvozaboniga beriladigan «Lev Yashin» mukofotiga ega chiqdi.
Kuchli beshlikdan Alisson Bekker («Liverpul»), Yan Zommer («Inter»), Tibo Kurtua («Real») va Yassin Bunu («Al Hilol») ham joy olgandi.

«Arsenal» hujumchisi Viktor Gyokereshga esa eng yaxshi toʻpurarga beriladigan «Gerd Myuller» sovrini nasib etdi.

Shuningdek, «PSJ» jamoasi o’tgan yilning eng yaxshi klubi deb topildi. Pariklardan tashqari ushbu nomga «Barselona», «Botafogo», «Chelsi» va «Liverpul» daʼvogarlik qilayotgan edi.

«Barselona» a’zosi Aytana Bonmati ayollar oʻrtasidagi «Oltin toʻp»ga loyiq koʻrildi. 27 yoshli futbolchi ketma-ket uchinchi bor ushbu sovringa sazovor boʻldi.
«Oltin to‘p» uchun ovoz berish natijalari yakunda quyidagicha ko‘rinish oldi:

Foto: Ballon d’Or