Gadjetlar

Realme GT 8 va GT 8 Pro smartfonlariga oldindan buyurtmalar boshlandi

Realme
Foto: Realme

Xitoyda Realme GT 8 va GT 8 Pro smartfonlari uchun oldindan buyurtmalar qabul qilina boshlandi. Bu haqda Equal Leaks Telegram kanalida xabar bermoqda.

Qurilmalarni kompaniyaning rasmiy sayti, TMall, JD.com va boshqa savdo maydonlarida buyurtma qilish mumkin. Hozircha oldindan to‘lov talab qilinmaydi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Realme GT 8 Pro 6,78 dyuymli Samsung ishlab chiqargan AMOLED displey bilan ta’minlanadi. Ekran 120 Hz yangilanish tezligiga ega bo‘lib, yorqinligi 4500 nitgacha yetadi, PWM chastotasi esa 1920 Hz darajasida bo‘ladi.

Realme GT 8 va GT 8 Pro smartfonlari qanday imkoniyatlarga ega / Foto: Realme

Kamera imkoniyatlari ham sezilarli darajada kuchaytirilgan. Asosiy modul Sony IMX966 sensori asosida yaratilgan bo‘lib, 1/1,4 dyuym optik format, F/1,6 diafragma va optik stabilizatsiyaga ega.

Periskop modulida 200 megapikselli Samsung HP5 sensori joylashgan bo‘lib, 3,5 – 10x optik zumni qo‘llab-quvvatlaydi. Ultra-keng burchakli kamerada esa 50 megapikselli Samsung JN5 sensori o‘rnatilgan.

Smartfonning asosiy afzalliklaridan yana biri uning batareyasidir. Qurilma 7000 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan. U 120 vatt quvvatli tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma IP69 darajasidagi himoyaga ega bo‘lib, suv va changdan yuqori darajada himoyalangan.

Bundan tashqari, yangi model ikkinchi avlod ultratovushli ekranga o‘rnatilgan barmoq izi skaneri, stereo dinamiklar, infraqizil port, NFC, Bluetooth 5.4 va Wi-Fi 7 modullari bilan jihozlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 120 dollarlik Realme P3 Lite smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.