
Eron va Rossiya yangi atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi bo‘yicha kelishuvlarga imzo chekadi. Press TV nashri loyiha bo‘yicha barcha muzokaralar va tadqiqotlar yakunlangani haqida xabar berdi.
Unga ko‘ra, Eron Atom energiyasi tashkiloti rahbari Muhammad Islomiy Rossiyaga safar davomida Eronda yangi AESlar qurilishi bo‘yicha kelishuvlar imzolanishini tasdiqladi. Islomiy boshchiligidagi delegatsiya 25–29-sentabr kunlari Moskvada o‘tkaziladigan Jahon atom energetikasi haftaligida ishtirok etadi.
Islomiyning so‘zlariga ko‘ra, Eron va Rossiya o‘rtasidagi shartnoma sakkizta yangi AES qurilishini nazarda tutadi, shundan to‘rttasi Busher shahrida joylashadi. Qolgan stansiyalarni qurish joylari haqida Rossiya tomoniga alohida ma’lumot beriladi. Eron tomoni ma’lum qilishicha, qurilish uchun zarur maydonlar allaqachon tanlab, tayyorlab qo‘yilgan.
Kelishuv imzolanganidan so‘ng, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash va muhandislik ishlari bosqichi boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Qozog‘istondagi ilk AES qurilishida ham ishtirok etadi.
Avvalroq Turkiya o‘z yadroviy reaktorlarini ishlab chiqarish bo‘yicha milliy dasturni boshlagani haqida xabar berilgandi. Mamlakat sanoat va texnologiyalar vaziriga ko‘ra, loyiha asosiy strategik sohalarni – sun’iy intellekt, mudofaa sanoati, kimyo va metallurgiyani – barqaror, uglerodsiz va uzluksiz energiya bilan ta’minlashga qaratilgan.
Bundan oldin, O‘zbekiston Energetika vaziri Jurabek Mirzamahmudov va Xalqaro atom energetikasi agentligi (XAEA) bosh direktori Rafael Grossi o‘rtasida atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish «Yo‘l xaritasi» imzolangandi.
Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatida quriladigan kichik atom elektr stansiyasi (AES) qurilish maydonida birinchi beton quyishni 2026-yil martidan kechiktirmaslikni topshirgandi.