Yangiliklar

Surxondaryoda hokim yordamchisi va ikki mas’ulga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Tuman hokimligi zaxirasidagi yerni ijaraga rasmiylashtirib berish evaziga 29 mln so‘m talab qilgan
Surxondaryoda hokim yordamchisi va ikki mas’ulga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi / Foto: Xavfsizlik telegram kanali

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida hokim yordamchisi, muhandis va qishloq xo‘jaligi bo‘limi shuba boshlig‘iga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, hokim yordamchisi xizmat mavqeyidan foydalanib, 1996-yilda tug‘ilgan fuqaroga tuman hokimligi zaxirasidagi 2,5 gektar sug‘oriladigan yer maydonini 30 yilga ijaraga rasmiylashtirib berish evaziga 29 mln so‘m talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u pulni olayotgan vaqtida dalillar bilan qo‘lga olingan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida u ushbu pul mablagʻini «Oʻzdaverloyiha» ilmiy loyihalash institutining «Survilerloyiha» boʻlinmasi muhandisi hamda Sariosiyo tumani qishloq xoʻjaligi boʻlimi shuba boshligʻiga berishi kerakligi maʼlum boʻldi.

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 va 211-moddalari bilan ish qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq inson organlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh fosh etilgani haqida yozgan edik.