TikTok algoritmi AQShda Oracle tomonidan nazorat qilinadi

Oq uy TikTok’ning AQShdagi faoliyati bo‘yicha muhim qaror qabul qildi. Endi ilova AQShda alohida qo‘shma kompaniya orqali boshqariladi va uning asosiy algoritmi Oracle tomonidan nazorat qilinadi. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.
Yangi qo‘shma korxonada Oracle va Silver Lake xususiy kapital firmasi, shuningdek, bir qator amerikalik va xalqaro investorlar ishtirok etadi. ByteDance TikTok US’dagi ulushining 20 foizidan kamini saqlab qoladi.
AQSh hukumati bu bitim orqali milliy xavfsizlik xavotirlarini kamaytirishni maqsad qilmoqda. Chunki algoritmning Xitoy ta’sirida manipulyatsiya qilinishi ehtimoli eng katta savollardan biri bo‘lib qolayotgan edi. Endi algoritm faqat AQSh foydalanuvchilari uchun boshqariladi, Oracle esa uning ishlashini doimiy nazorat qiladi.
Bitim milliardlab dollar qiymatga ega bo‘lishi kutilmoqda va rasmiy jarayonlar tugallangach TikTok to‘liq amerikaliklar nazoratiga o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq TikTok ulushining 80 foizi AQShga, 20 foizi Xitoyga berilishi haqida batafsil yozgan edik.