Yangiliklar

Toshkentda Burger King’ning ilk filiali Alpomish muz saroyi yonida ochilishi mumkin

Burger King franchayzasi huquqi International Beverages Tashkent kompaniyasiga berilgan
Alpomish muz saroyi, Olmazor tumani / Foto: Kursiv Uzbekistan

Toshkent ko‘chalarida mashhur fastfud tarmog‘i Burger King logosi tushirilgan «Tez kunda ochilish» yozuvli bannerlar paydo bo‘ldi. Kursiv Uzbekistan banner ilingan manzil bilan tanishdi.

Dastlabki restoranlardan biri Alpomish muz saroyi yonida, Beruniy metro bekati yaqinida joylashadi. Shuningdek, Tashkent City Mall va Seoul Mun hududlarida ham ochilish rejalashtirilgan.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Ma’lumot uchun, Burger King franshizasi huquqi O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoda International Beverages Tashkent kompaniyasiga berilgan. Ushbu korxona Pepsi, 7UP, Mirinda, Lipton kabi mashhur brend ichimliklarini ishlab chiqaradi.

Aslida, Burger King 2021-yilda O‘zbekistonda ish boshlashi kerak edi. Moskvalik kompaniya franchayzer sifatida Toshkentda uchta filial ochishni rejalashtirgan edi. O‘shanda hatto ayrim joylarda «Tez orada ochiladi» yozuvlari ham paydo bo‘lgandi. Biroq ochilish keyinga qoldirilgan.

Bugun esa jarayon amaliy bosqichga o‘tmoqda va yil oxirigacha ilk restoranlar o‘z faoliyatini boshlaydi.

Burger King — dunyodagi ikkinchi yirik fastfud tarmog‘i bo‘lib, asosan, Vopper gamburgerlari bilan mashhur. Har kuni kompaniya restoranlariga 11 milliondan ortiq odam tashrif buyuradi.

Avvalroq «Kursiv» nashri qozog‘istonlik tadbirkor Almas Sultangazin mart oyida Burger King Kazakhstan’ni sotib olgani, endi u brend restoranlarini O‘zbekistonda ham ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.