Gadjetlar

Xiaomi 17 va iPhone 17 smartfonlari o‘rtasida qanday o‘xshashliklar bor

Xiaomi 17 va iPhone 17 smartfonlari o‘rtasida qanday o‘xshashliklar bor / Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Xiaomi bu hafta Xitoyda o‘zining yangi Xiaomi 17, Xiaomi 17 Pro va Xiaomi 17 Pro Max smartfonlarini taqdim etadi. Gizmochina nashri Xiaomi 17 va iPhone 17 smartfonlari o‘rtasidagi o‘xshashliklarni taqdim qildi.

Ular Qualcomm’ning so‘nggi Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori, Leica bilan hamkorlikda yaratilgan kameralar va qo‘shimcha funksiyalarni taqdim etuvchi ikki displeyli dizayn bilan jihozlanadi. Shunga qaramay Xiaomi 17 seriyasi ko‘plab jihatlarda Apple’ning yangi iPhone 17 liniyasidan ilhomlanganini ko‘rish mumkin.

Foto: Gizmochina

Yangi Xiaomi smartfonlari dizaynda bir qator yangilanish olgan. Ayniqsa, Pro va Pro Max modellari kamera moduliga joylashtirilgan orqa tomonidagi kichik ekran bilan farqlanadi. Bu displey qo‘shimcha funksiyalarni bajaradi va orqa kamera uchun vizor sifatida ham ishlaydi. Shuningdek, barcha modellarda burchaklar yumaloqlashtirilgan bo‘lib, bu iPhone’ning dizayn tiliga juda yaqin. Avvalgi Xiaomi 15’da ham yumaloq burchaklar bor edi, biroq ular yanada qattiqroq chiziqlarga ega bo‘lgandi.

Apple iPhone 17 seriyasida ramkalarni yanada toraytirgan bo‘lsa, Xiaomi 17 undan ham oldinga o‘tib, 1,18 millimetrli ultrayupqa ramka bilan taqdim etilmoqda. Bundan tashqari, Xiaomi yangi Super Island funksiyasini joriy qilmoqda. Bu Apple iPhone 14’da ilk bor paydo bo‘lgan Dynamic Island’ning o‘ziga xos talqini. HyperOS 3 tizimi orqali qo‘shiladigan Super Island ko‘p vazifali boshqaruvni qulaylashtiradi.

Foto: Gizmochina

Xiaomi yangi flagmanlarida yana bir qiziqarli o‘zgarishni amalga oshirgan. Kompaniya Xiaomi 16 seriyasini butunlay o‘tkazib yuborib, darhol Xiaomi 17’ga o‘tdi. Bu qaror iPhone 17 bilan raqobatda o‘zini yanada «bir qadamda» ko‘rsatish uchun qilingan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Xiaomi 17 Pro Max nomlanishi ham Apple’ning Pro Max flagmanlariga bevosita mos tushadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xiaomi 17, 17 Pro va 17 Pro Max modellarining akkumulyatorlari quvvati ma’lum qilingani haqida yozgan edi.