Yangiliklar

Yandex Uzbekistan o‘zbek tilida so‘zlashuvchi Alisani taqdim etdi

Suhbat davomida Alisa o‘zbek tilidan rus tiliga va aksincha, erkin o‘ta oladi
Yandex Uzbekistan o‘zbek tilida so‘zlashuvchi Alisani taqdim etdi / Foto: Yandex Uzbekistan

Yandex Uzbekistan o‘zbek tilida so‘zlashadigan ikki tilli AI-yordamchi — Alisani aqlli ovoz qurilmalarida ishga tushirdi. Endi foydalanuvchilar Alisadan o‘zbek tilida so‘rashlari mumkin va yordamchi ularga kundalik ishlarida yordam beradi hamda muloqotni qo‘llab-quvvatlaydi. Suhbat davomida Alisa o‘zbek tilidan rus tiliga va aksincha, erkin o‘ta oladi — foydalanuvchi qaysi tilda murojaat qilsa, shu tilda javob qaytaradi. AI-yordamchisi Yandex Uzbekistan tomonidan yaratilgan yirik til modeli asosida ishlaydi. Modelni tayyorlashda professional muharrirlar va filologlar ishtirok etgan, uni sinovdan o‘tkazishda esa O‘zbekistonning 13 hududidan 300 nafar foydalanuvchi yordam bergan.

Alisani o‘zbek tilida ishlatish uchun Dom s Alisoy ilovasidagi sozlamalarga kirish kerak: «Virtual yordamchi» → «Assistent tili» → qurilmani tanlash → «O‘zbekcha + Ruscha» tanlovini faollashtirish kifoya.

Alisa muhim ishlar to‘g‘risida eslatmalar beradi, ovqat tayyorlashda taymer o‘rnatadi, ob-havo haqida ma’lumot beradi va kayfiyatga mos musiqa qo‘ya oladi. Shuningdek, Alisa «aqlli uy» qurilmalarini boshqarishda yordam beradi, masalan, chiroqni yoqish yoki boshqa aqlli qurilmalarni ishga tushirish mumkin.

AI-yordamchi muloqotni davom ettira oladi va bolalarga ertaklar ham qo‘yib beradi. Masalan, shunday deyishingiz mumkin: «Alisa, O‘zbekistonda eng mashhur shoirlar kimlar?» — Alisa O‘zbekistonning taniqli shoirlari haqida so‘zlab beradi. Yoki: «Alisa, o‘zbek ertaklarini yoq» — va Alisa o‘zbek tilidagi ertaklar pleylistini qo‘yadi.

 Alisaning o‘zbek tilida to‘liq tushunish va gapirish qobiliyati uchun uning modeli minglab qo‘lda tarjima qilingan muloqotlar va yuzlab soatlik o‘zbek tilidagi audioyozuvlar asosida o‘rgatilgan. U o‘zbek tilida tabiiy muloqotni qo‘llab-quvvatlay oladigan matnni tushunish va tuzishga qodir.

Modelni tayyorlashda 100 nafardan ortiq ma’lumot belgilovchi mutaxassislar, professional filologlar va muharrirlar ishtirok etgan. Test jarayonida esa O‘zbekiston aholisi faol ishtirok etgan — ular bir necha oy davomida Alisaga o‘zbek tilida savollar berib, Yandex Uzbekistan jamoasiga nutqni tanish texnologiyalarini takomillashtirishda yordam berishgan.

Yandex Uzbekistan’ning Alisa mahsuloti menejeri Ulug‘bek Sharipov: «Alisa o‘zbekcha gapira olishi uchun, biz til modelini mahalliy ma’lumotlar asosida o‘qitdik. Endi esa, bizning AI-yordamchi o‘zbek tilini tushunib, unda berilgan buyruq va savollarni tushuna oladi, bu esa unga foydalanuvchilarga kundalik ishlarida yanada yaxshiroq yordam berish imkonini beradi».

Alisa o‘zbek tilida yangi qurilmalarda ham, avval xarid qilingan qurilmalarda ham faoliyat ko‘rsata oladi: Stansiya Layt, Mini, Layt/Mini soatli, Midi, Stansiya 2, Strit va Maks kabi qurilmalarda.