Avto

Zeekr 001 2026 avtomobili taqdim etildi

Zeekr 001 2026 taqdim etildi / Foto: Zeekr

Geely kompaniyasi tomonidan Zeekr 001 2026 modeli taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Xitoyda mashina uchun oldindan buyurtmalar qabul qilinmoqda, xaridorlar $280 miqdorida oldindan to‘lov qilib qo‘yishlari mumkin. Dilerlarga yetkazib berish 4-oktabrdan boshlanadi, mijozlarga esa ilk avtomobillar 11-oktabrdan topshiriladi.

Model avgust oyida sotuv litsenziyasini olgan va dizaynini saqlab qoldi. Old qismidagi faralar va kunduzgi chiroqlar o‘ziga xos uslubda joylashgan, gabaritlari esa 4977 × 1999 × 1533 mm, g‘ildirak bazasi 3005 mm etib belgilangan.

Texnik jihatdan katta yangilanishlar kuzatilmoqda. Bazaviy orqa g‘ildirakdan tortuvchi versiya 370 kVt (489 ot kuchi) quvvatga ega elektromotor bilan ta’minlangan. Xaridorlar ikkita batareya turidan birini tanlashlari mumkin. Zaxira yo‘l bosish masofasi CLTC bo‘yicha 810 km gacha yetadi, maksimal tezligi 280 km/soat.

Zeekr 001 2026 modeli qanday xususiyatlarga ega / Foto: Zeekr

Ikki motorli to‘liq g‘ildirakdan tortuvchi versiya umumiy 680 kVt (912 ot kuchi) quvvat ishlab chiqaradi va 100 km/soat tezlikka atigi 2,83 soniyada chiqadi. Yevropa bozori uchun quvvat 400 kVt (536 ot kuchi) bilan cheklangan, yurish zaxirasi esa 762 km gacha. Avvalgi model 580 kVt (777 ot kuchi) quvvatga ega edi.

Yana bir muhim yangilik pnevmatik osma tizimidir. Ikki kamerali pnevmosuspenziya 85 mm diapazonda sozlanadi, yo‘l balandligi 206 mm gacha yetishi mumkin. Bundan tashqari, CDC tizimi avtomobilning qattiqligini yo‘l sharoitiga qarab moslashtiradi.

Avtopilot imkoniyatlari ham kengaygan. G-Pilot H7 tizimi 31 ta sensor va lidar bilan jihozlangan, boshqaruv uchun esa Nvidia Thor-U chipidan foydalanadi. Bu chipning hisoblash quvvati 700 TOPS bo‘lib, avvalgi ikki Orin-X chipidagi 508 TOPS ko‘rsatkichidan ancha yuqori.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan yangi Zeekr X va Zeekr 7X elektromobillari haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgani haqida yozgan edi.