Sport

FIFA JCh-2030 ishtirokchilari sonini 64 taga yetkazishni rejalashtirmoqda

Foto: Getty Images

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) 2030-yilgi Jahon chempionatida ishtirokchilar sonini 64 taga yetkazishga tayyor. Bu haqda Ole nashri xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, FIFA Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (KONMEBOL) ilgari surgan taklifni qo‘llab-quvvatlamoqchi. Yangi formatga ko‘ra, mundial 16 guruhdan iborat bo‘ladi va har bir guruhda 4 tadan jamoa qatnashadi. Har bir guruhdan 2 ta eng yaxshi jamoa esa pley-off bosqichiga yo‘llanma oladi.

JCh-2030ning asosiy mezboni Ispaniya, Portugaliya va Marokash hisoblanadi. Dastlab mundialning 100 yilligi munosati bilan Janubiy Amerikaning 3 ta davlati — Argentina, Paragvay va Urugvayda ham bittadan o‘yinni o‘tkazish rejalashtirilgan edi.

Yangi taklifga ko‘ra, ushbu mamlakatlar o‘rin olgan guruhning barcha o‘yinlarini o‘sha davlatlarda o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda. Qolgan guruhlarga esa Yevropa (Ispaniya, Portugaliya) va Afrika (Marokash) mezbonlik qiladi.

Eslatib o‘tamiz, FIFA ilgari ham Jahon chempionati formatiga o‘zgartirish kiritgandi. Ya’ni 2026-yildan boshlab mundialda 32 ta jamoa emas, balki 48 ta terma jamoa ishtirok etadi.