Avto

Huawei Aito M7 rekord darajadagi buyurtmalar qabul qildi

Huawei Aito M7 rekord darajadagi buyurtmalar to‘pladi / Foto: Aito

Huawei va Seres kompaniyalari tomonidan taqdim etilgan yangi Aito M7 avtomobili uchun rekord daraja buyurtma berildi. Bu haqda Mydrivers xabar bermoqda.

Model uchun atigi 10 daqiqada 20 mingta, bir soatda esa 100 mingdan ziyod buyurtma olingan, olti soat ichida esa bu ko‘rsatkich 130 mingtaga yetgan.

Yangi Aito M7 o‘lchamlari 5080×1999×1780 mm bo‘lib, g‘ildirak bazasi 3030 mmni tashkil etadi. Model Island Blue, Warm Cloud White, Makino Green, Coral Red, Interstellar Blue va Gilded Black ranglarida taqdim etilmoqda. Avtomobil Tuling shassisi, charmli keng burchakda yotqiziladigan yo‘lovchi kreslosi hamda 17,3 dyuymli orqa ship ekraniga ega. Boshqaruv uchun markaziy ekran esa Harmony ekotizimi bilan jihozlangan.

Texnik jihatdan model M8’dagi kabi batareya bilan jihozlangan. U HarmonyOS 4 operatsion tizimida ishlaydi va Huawei ADS 3.3 yordamida HD xaritasiz ham avtopilot funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Qulaylik sifatida 7,3 litrli kichik sovutkich ham mavjud, biroq yangi versiyada proyeksion faralar hatto qo‘shimcha opsiya sifatida ham taklif etilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan bukiluvchi Huawei Nova Flip S taqdim etilishi kutilayotgani haqida yozgan edi.