
Ilon Maskning 77 yoshli otasi Errol Mask jinsiy zo‘ravonlikda ayblanmoqda. Bu haqda New York Times nashrining surishtiruvida e’lon qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, gumon qilingan hodisalar 1993-yildan 2023-yilgacha Janubiy Afrika va AQShning Kaliforniya shtatida sodir bo‘lgan. Jami besh nafar biologik va asrab olingan farzand otasining zo‘ravonlik qilganini tasdiqlagan.
Jurnalistlar politsiya hujjatlarini o‘rganib, Errol Maskka qarshi uchta tergov o‘tkazilganini aniqladi. Ulardan ikkitasi yopilgan, uchinchi ish esa hanuz yakunlanmagan.
Ilon va otasi o‘rtasidagi munosabatlar anchayin chigal. U 2023-yilda chiqqan avtobiografiyasida otasi bilan aloqasi yo‘qligini yozgan edi. Bundan tashqari, 2017-yilda Rolling Stone jurnaliga bergan intervyusida otasi haqida deyarli barcha yovuzliklarni qilgan inson, deya ta’rif bergan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Ilon Mask Tesla’ning $1 mlrdlik aksiyalarini sotib olgani haqida yozgan edi.