Gadjetlar

iPhone 17 Pro smartfonini sotib olmaslik uchun 9 sabab

Birinchi va eng asosiy minus — osmondek qimmat narx
iPhone 17 Pro sotib olmaslik uchun
iPhone 17 Pro smartfonini sotib olmaslik uchun 9 sabab / Foto: UpcMag

Mobile-Review bosh muharriri Eldar Murtazin Apple’ning yangi flagmanini sinovdan o‘tkazib, iPhone 17 Pro va 17 Pro Max’ni olishga arzimaydigan 9 sababni keltirdi. Uning aytishicha, birinchi va eng asosiy minus — osmondek qimmat narx.

2-sabab. Sun’iy intellekt deyarli yo‘q

2025-yilda SI smartfonlarning asosiy «drayveri» bo‘lib qoldi. Samsung va xitoylik ishlab chiqaruvchilar telefonlarga aqlli yordamchi, suratlarni yaxshilash algoritmlari, ovozli servislar kiritib bo‘ldi. Apple esa Apple Intelligence deb nomlangan tizimni taqdim qildi, lekin u deyarli hech narsaga qodir emas. Jurnalist ta’kidlashicha, kompaniya bir necha marta SI jamoasini tarqatib yuborgan, natijada texnologiya bo‘yicha orqada qolmoqda. Shu sababli iPhone 17 Pro zamonaviy SI funksiyalaridan mahrum.

3-sabab. SIM-karta o‘rniga faqat eSIM

Apple tobora ko‘proq bozorlarda fizik SIM-kartadan voz kechmoqda. Yevropada hozir aksariyat modellarda faqat eSIM bor, oddiy SIM sloti yo‘q. Bu ko‘plab foydalanuvchilar uchun muammo: masalan, ikkinchi SIM ishlatish yoki telefondan boshqa davlatda foydalanishda qiyinchilik tug‘iladi. Xitoyda esa aksincha — faqat 2 ta fizik SIM qo‘yilgan, lekin eSIM umuman yo‘q. Murtazinning fikricha, foydalanuvchiga tanlov qoldirilmagan – Apple tejamkorlik qilmoqda.

4-sabab. Qutida adapter yo‘q

Siz dunyodagi eng qimmat smartfonni sotib olasiz, lekin unda faqat kabel bor. Adapter yo‘q. Apple bu qarorni «ekologiya uchun» deb izohlaydi, ammo jurnalist fikricha, bu sof tejamkorlik. Foydalanuvchi esa majburan qo‘shimcha xarajat qiladi.

5-sabab. Mustahkamlik pasaydi: shisha mo‘rt, korpus yumshoq

iPhone 17 Pro korpusi alyuminiydan yasalgan. Apple uni «robot yordamida ishlov berilgan, yuqori texnologiyali» deb taqdim etdi, ammo bu oddiy alyuminiy, mustahkam emas. Samsung kabi raqiblar aralashma yoki armirlangan alyuminiydan foydalanadi, u esa bir necha barobar mustahkamroq. iPhone’da esa kichik zarbada ham korpus ezilib, vinti chiqib ketadi.
Shisha esa boshqa muammo: u chizilishga chidamli qilingan, ammo urilganda deyarli 100% holda sinadi. Bu esa foydalanuvchini Apple Care+ kabi qimmat servislarni olishga majbur qiladi. Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, bu kompaniyaning ongli strategiyasi.

6-sabab. Kamera sifati orqada qolmoqda

iPhone’ning asosiy kameralari bir necha yillik eski modullardan iborat. Apple suratlarni yaxshilaydigan yangi algoritmlarni qo‘shmagan. Natija: oq balans sariqlikka ketadi, tungi suratlar xira, zumda detallash past. Blind-testlarda odamlar iPhone rasmini tanlamayapti. Raqiblarning flagmanlari (Samsung, Huawei, Xiaomi) sifat jihatdan ancha oldinda.

7-sabab. VoWiFi yo‘q

VoWiFi texnologiyasi – mobil tarmoq yo‘q paytda ham Wi-Fi orqali oddiy qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish imkonini beradi. Ko‘plab brendlarda bu bor. iPhone’da esa Rossiyada bu funksiyani umuman yoqish mumkin emas, chunki Apple mamlakatni qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu qimmat telefon foydalanuvchisini oddiy imkoniyatdan ham mahrum qiladi.

8-sabab. Rasmiy kafolat yo‘q, ta’mir qiyin

Apple O‘zbekistonda rasmiy ishlamaydi, servis markazlari ham yo‘q. iPhone 17 Pro sinib qolsa, uni ta’mirlash uchun chet elga jo‘natish kerak. Qimmat telefonni «podval servislarida» ta’mirlash esa xavfli. Bu esa foydalanuvchi uchun qo‘shimcha xavf va katta xarajat.

9-sabab. iPhone 16 Pro yaxshiroq tanlov

iPhone 16 Pro Max 256 GB O‘zbekistonda taxminan $1300 turadi. U ham xuddi shu kameraga ega, ishlash jihatdan ham deyarli teng, lekin korpusi titan, shishasi mustahkam. Yangi model esa qimmatroq, kamchiliklari ko‘p. Shuning uchun Murtazin fikricha, yangi iPhone emas, balki 16 Pro yoki boshqa brendlarni tanlagan ma’qul.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan foydalanuvchilar yangi iPhone’ning Wi-Fi muammolaridan shikoyat qilayotgani haqida xabar bergan edi.

iPhone 17, iPhone 17 Pro, iPhone 17 Pro Max va iPhone Air foydalanuvchilari Wi-Fi muammosidan shikoyat qilmoqda. So‘nggi to‘rt kun ichida MacRumors forumlari, Reddit va Apple Support Community’da yuzlab izohlar qoldirilgan.

Muammo shundaki, Wi-Fi vaqti-vaqti bilan uzilib, telefon qulfini ochgandan so‘ng qayta ulanadi. Bu holat CarPlay tizimiga ham ta’sir qiladi, chunki u Wi-Fi orqali ishlaydi va avtomobil bilan bog‘lanish uzilib qolishi mumkin.

Ayrim foydalanuvchilar muammo Apple Watch ulanib turganda tez-tez yuz berishini aytmoqda, ammo bu omil doimiy sababmi yoki yo‘qligi aniq emas. MacRumors muammoni qayta tiklashga urinib ko‘rgan, ammo natija bermagan. Hozircha Apple rasmiy izoh bermadi.