
Ishonch jamg‘armasi O‘zbekistonda maktablarni ta’mirlash va suv-ta’minotini yaxshilashga $20 million sarmoya kiritishini e’lon qildi.
Jamg‘arma ushbu sarmoya hisobiga joriy yil 1-oktabrdan «Maktablarda iqlim oʻzgarishiga chidamlilik hamda suv ta’minoti, sanitariya va gigiyenani modellashtirish» loyihasini boshlaydi.
Loyiha doirasida mamlakat bo‘ylab kamida 45 ta qishloq maktabi ta’mirlanadi. Maktablar xavfsiz ichimlik suvi, zamonaviy hojatxona, ishonchli isitish tizimi va energiyani 30 foizgacha tejaydigan, issiqxona gazlarini 50 foiz kamaytiradigan toza energiya yechimlari bilan ta’minlanadi. Bu ishlar 31 mingdan ortiq o‘quvchi, ayniqsa, qizlar uchun qulay sharoit yaratib, dars qoldirish holatini kamaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, 2,7 ming nafar o‘qituvchi va maktab ma’muriyati iqlimga moslashuvchanlik, suv-ta’minoti, gigiyena va jamoatchilikni jalb qilish bo‘yicha o‘qitiladi. «Eng yaxshi maktabim» raqamli portali orqali aholi budjet, pudratchilar, qurilish jarayoni va natijalarni real vaqt rejimida kuzatishi mumkin bo‘ladi. Fuqarolik jamiyati vakillari ham xarid va ta’mirlash jarayonlarini nazorat qiladi.
Ishonch jamg‘armasi Shveysariya va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasidagi muzokara asosida, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi tamoyillariga muvofiq tashkil etilgan. Jamg‘arma mablag‘lari avvallari korrupsiya bilan bog‘liq aktivlarni xalq manfaatiga xizmat qiluvchi loyihalarga yo‘naltirishga qaratilgan.
Bundan oldin Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (MMTV) UNICEF bilan hamkorlikda $19,2 mlnlik ikkita yangi dasturiy tashabbusni yo‘lga qo‘ygandi. Mazkur loyihalar ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, ayniqsa, sifatli va inklyuziv ta’limni kengaytirishga xizmat qiladi.
Loyihalar doirasida iqlim o‘zgarishi bo‘yicha xabardorlikni oshirish, barcha bolalar, xususan, qizlar va nogironligi bor yoshlar uchun ta’limdagi teng imkoniyatlarni yaratish, shuningdek, yangilangan Milliy o‘quv dasturi va baholash mexanizmi orqali ijtimoiy-emotsional tarbiya va o‘qitishni ilgari surish ko‘zda tutilgan.