Italiyalik mashhur aktrisa Klaudiya Kardinale 87 yoshida vafot etdi

Italiyalik mashhur aktrisa Klaudiya Kardinale 87 yoshida vafot etdi. Bu haqda France 24 uning vakiliga tayanib xabar berdi.
Klaudiya Kardinale 1938-yilda Tunisda tug‘ilgan. U kinematografiya olamiga 1958-yilda, Omar Sharif bilan birgalikda suratga olingan «Goha» filmi orqali kirib kelgan.
Uning nomi jahon kino tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Kardinale mashhur rejissyorlar asarlarida yorqin obrazlar yaratdi. Jumladan, Federiko Fellinining «Sakkiz yarim», Lukino Viskontining «Leopard» va «Rokko va uning birodarlari», Bleyk Edvardsning «Pushti pantera», Jan-Pol Belmondo bilan «Kartush» hamda Serjio Leone suratga olgan «Bir kuni Yovvoyi G‘arbda» filmlarida rol ijro etdi.
Aktrisa o‘zining uzoq davom etgan faoliyati davomida Berlin va Venetsiya xalqaro kinofestivallarining nufuzli mukofotlariga sazovor bo‘lgan. Uning oxirgi yirik ishlari qatorida 2014-yilda Dakota Fanning bilan suratga olingan «Effi» filmi ham bor.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan italiyalik mashhur dizayner Jorjio Armani vafot etgani haqida yozgan edi.