Krasnoyarskda Jaloliddin Ahmadaliyevning konserti xavfsizlik kuchlari reydiga uchradi

Krasnoyarsk o‘lkasida politsiya xodimlari o‘zbek estrada xonandasi Jaloliddin Ahmadaliyevning konserti bo‘lib o‘tayotgan «Toj» restoranida keng ko‘lamli reyd o‘tkazdi.
Tadbirda 600 dan ortiq mehmon to‘plandi. Ichki ishlar vazirligining Krasnoyarsk o‘lkasi bo‘yicha bosh boshqarmasi xodimlari UFSB, mahalliy politsiya va Rosgvardiya bilan hamkorlikda mehmonlarga nisbatan giyohvand moddalar bilan bog‘liq ehtimoliy qonunbuzarliklar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazdi.
Voqea joyidan olingan kadrlarda huquq-tartibot idoralari xodimlari hujjatlarni tekshirib, mehmonlarni tintuv qilayotganini ko‘rish mumkin. Jami 620 kishi tekshirilgan, ular orasida 210 nafar xorijlik ham bo‘lgan. Giyohvand moddalar va taqiqlangan buyumlar topilmadi. Politsiya bo‘limiga 26 kishi olib kelingan, ulardan sakkiz nafari Rossiyada noqonuniy bo‘lgan.
Reyd yakunida chet el fuqarolari tomonidan kirish va bo‘lish tartibi hamda immigratsiya qoidalari va boshqa qonunbuzarliklar yuzasidan 19 ta bayonnoma rasmiylashtirildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyada 110 nafar fuqaroni soxta ro‘yxatga qo‘ygan o‘zbekistonliklarga ish ochilgani haqida xabar bergan edi.