Tramp tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga hammadan ko‘ra munosib — Mirziyoyev

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti Donald Trampni tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq deb hisoblashini aytdi. Bu haqda u BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasidagi tadbirlar chog‘ida ma’lum qildi.
«Men yana bir bor sizni tabriklamoqchiman, siz barcha mojarolarni to‘xtatdingiz. Ayniqsa, bizning mintaqa uchun eng muhim bo‘lgan Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi mojaroni hal qildingiz. Yana bir bor takrorlayman, siz Nobel [tinchlik] mukofotiga loyiqsiz, biz buni aytamiz va aytishda davom etamiz», dedi Mirziyoyev.
Tramp esa, o‘z navbatida, O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatladi hamda Mirziyoyevning 50 dan ortiq yirik amerikalik kompaniya va bank rahbarlari bilan uchrashuv natijalarini ijobiy baholadi.
Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy va global siyosat masalalarini muhokama qildi.
Muzokaralar yakunida Mirziyoyev Trampni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi. Uchrashuv ochiq, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi. Bungacha davlat rahbarlari 2017-yil may oyida Ar-Riyodda hamda 2018-yil sentabr oyida Nyu-Yorkda uchrashgan edi.