
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiyning Qozog‘istonda oliy darajadagi uchrashuv o‘tkazish tashabbusiga izoh berdi. Bu haqda RBK ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, avvalroq Vladimir Putin muzokaralarni Moskvada o‘tkazishni taklif qilgan, biroq bu fikr Kiyev tomonidan rad etilgan.
Peskovning aytishicha, Ukraina Qozog‘istondan oldin Rossiya uchun «mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan» mamlakatlarni ham, jumladan Shveysariya va Avstriyani taklif qilgan. Ular endilikda «amalda neytral emas», dedi Peskov.
Putin Moskvani «eng yaxshi joy» deb atab, xavfsizlik va sharoitlar to‘liq ta’minlanishini kafolatlagan edi. Zelenskiy esa janglar davom etar ekan, Rossiya poytaxtida muzokara o‘tkazish mumkin emasligini bildirgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp uchrashuvni qo‘llab-quvvatlab, o‘zi ham ishtirok etishi mumkinligini aytdi. Ammo Germaniya kansleri Fridrix Merts va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bunday sammitning yaqin kelajakda o‘tkazilishiga shubha bilan qarashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin Trampga yadroviy qurollar shartnomasini bir yilga uzaytirishni taklif qilgan edi.